2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonda barcha rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarilishi o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
Xususan, dastlabki oyda 22 099 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilib, uning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 41,5% ga oshgan. Eng ko‘p avtomobil UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, jami hajmning 65% dan ortig‘i kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda — 6 993 dona. Ko‘rsatkich o‘tgan yilgi mos davr bilan taqqoslanganda, 23,5% ga ko‘p.
Ikkinchi o‘rinda esa 3 628 dona bilan Damas turibdi, avtomobil ishlab chiqarilishi 31,2% ga oshgan. Onix 1,3 baravar o‘sish bilan kuchli uchlikni yakunladi, ishlab chiqarish 1 974 tani tashkil etdi. Shuningdek, yanvarda 1 900 ta Tracker ishlab chiqarildi (+42,4%).
Boshqa markalar orasida eng katta ishlab chiqarish hajmi Kia tomonidan qayd etilgan — 2 298 dona (+16,2%). BYD ishlab chiqarish hajmi esa 1 352 donani (+68,6%) tashkil etdi.
Haval avtomobillarini ishlab chiqarish eng yuqori — 3 barobar o‘sish bilan 1 135 donaga yetdi, shuningdek, yanvarda 757 ta (+27,4%) Chery avtomobillari ishlab chiqarildi.
Bundan tashqari, 2 062 ta maxsus avtomobil ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 3 baravardan ortiqroqqa ko‘pdir. Yuk avtomobillarini ishlab chiqarish esa 233 tani (+29,4%) tashkil etdi.
Avvalroq Spot 2026-yilda BYD O‘zbekistonda Yuan Up elektromobilini ishlab chiqarishni boshlashi haqida yozgandi.