Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati elektrosamokatlar uchun ham haydovchilik guvohnomasi kerakligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu bo‘yicha YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov izoh berdi.

Joriy yilning 30-mart kuni qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-125-son) bilan Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, moped va skuter, shuningdek, eng yuqori tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 santimetr kubgacha, ichki yonuv dvigateliga ega yoki belgilangan quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan kichik hajmdagi mototransport vositalarini boshqarish uchun A1 kichik toifasi bo‘lishi kerakligi belgilandi. Bundan individual harakatlanish vositalari mustasno.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, individual harakatlanish vositalariga dvigatel yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi kiradi. Ya’ni, elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilmaydi.

“Bunday transportlarni boshqarish uchun amaldagi qoidalarga rioya etgan holda veloyo‘laklardan, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning chetki qismidan harakatlanish lozim”, — deydi Zoyir Yo‘ldoshov. Biroq, u yangi o‘zgarishlar bilan qanday transport vositalari nazarda tutilishiga aniqlik kiritmagan.

Hukumat qarori e’lon qilingan 1-aprel kuni iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmunidan kelib chiqilsa, elektrosamokatdan foydalanishga ham haydovchilik guvohnomasi kerak bo‘lishini yozgandi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma 5 yil muddatga rasmiylashtirilishi belgilandi. Biroq, bu joriy yilning 1-aprelidan keyin olingan guvohnomalar uchun tatbiq etiladi.

Avvalroq Spot jarimani avtomobilni boshqargan haydovchiga o‘tkazish xizmati ishga tushgani haqida yozgan edi.