Nvidia raxbari Jensen Xuangga ko‘ra, SI-agentlar ish o‘rinlarini tortib olishdan ko‘ra, xodimlar ishini yanada keskinlashtiradi — ular doimiy ravishda nazorat qilib, har bir qadamni kuzatadi.
Sun’iy intellekt mehnat olamini qay tarzda o‘zgartirishi borasida texnologiya sohasi yetakchilarining fikrlari ikkiga bo‘lingan.
Ayrim bosh direktorlar ofis xodimlari uchun mehnat bozorida “armageddon” yuz berishi muqarrarligiga qat’iy ishonsa, boshqalari sun’iy intellekt odamlarning kasbiy faoliyatidagi samaradorligini sezilarli darajada oshiradi, deya ta’kidlamoqda.
Kapitallashuvi $4,8 trlnga teng Nvidia giganti bosh direktori Xuangning fikricha, sun’iy intellekt agentlari ish o‘rinlarini yo‘q qiluvchi kuch emas, balki ko‘proq talabchan menejerlar vazifasini bajaradi.
“Sizning [sun'iy intellekt] agentlaringiz sizni bezovta qiladi, har bir qadamingizni nazorat qiladi va siz har qachongidan ham ko‘proq bandsiz,” — dedi Xuang yaqinda Stenford oliy biznes maktabida bo‘lib o‘tgan munozarada. “Biz hamma narsani tezroq qilamiz; biz buni kattaroq miqyosda qilamiz; biz ilgari tasavvur ham qila olmagan narsalar haqida o‘ylaymiz”.
Xuang sun’iy intellekt ish o‘rinlarini qisqartirishi va Amerikaga zarar yetkazishi haqidagi da’voga ochiqchasiga qarshi chiqadi. Va 63 yoshli tadbirkor, uning boyligi $167 mlrdga baholangan, bu o‘zgarishlarning oldingi safida; uning grafik protsessorlar (GPU) bilan tezlashtirilgan hisoblash tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha biznesi texnologik inqilobdan foydalanib, dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biriga aylandi.
Biroq Nvidia va boshqa texnologik imperiyalar sun’iy intellekt yuksalishidan foyda ko‘rayotgan bir paytda, oddiy xodimlar o‘z karyerasining kelajagi haqida xavotirda.
Chat-botlar va sun’iy intellekt agentlari allaqachon kod yoza oladi, jadvallarni boshqara oladi va ma’lumotlarga ishlov bera oladi, ammo Xuangning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya inson mehnati uchun imkoniyatlarni kamaytirmaydi, aksincha, kengaytiradi.
“Endi bizda sun’iy intellektga asoslangan yordamchilar borligi sababli ko‘proq sohalarni o‘rganishimiz, ishni yaxshiroq bajarishimiz, barcha yumushlarni kengroq miqyosda va tejamliroq amalga oshirishimiz mumkin”, — deya so‘zida davom etdi Nvidia bosh direktori.
Texnologiyalar sohasidagi ushbu novator texnologik inqilob natijasida ayrim ish o‘rinlariga ehtiyoj qolmasligini tan olsa-da, umuman olganda, u kelajakka ijobiy bilan qaraydi va insoniyat bu vaziyatdan yanada yaxshi istiqbollar bilan chiqib ketishiga ishonadi.
“Ishonchim komilki, yakunda biz yanada ko‘proq ish o‘rinlari yaratamiz”, — dedi Xuan. — “Bu sanoat inqilobi yakunida, uning boshlanishidagiga qaraganda ko‘proq odam ish bilan band bo‘ladi”.
Avvalroq ChatGPT ko‘plab kasb egalarining o‘rnini egallashga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Hozirda 4000 ga yaqin frilanser tizimga chorvachilik, qishloq xo‘jaligi, musiqa bastalash va hatto tijorat aviatsiyasi kabi tor ixtisoslik sohalarida yanada chuqurlashishga yordam bermoqda.