15-may kuni Toshkentda xalqaro DevOpsDays Tashkent konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

Tadbir zamonaviy infratuzilmalar va tizimlar bilan ishlaydigan muhandislar uchun mo‘ljallangan. Bu yil tashkilotchilar dasturni kengaytirishni hamda amaliy keyslar va sunʼiy intellektning DevOps-jarayonlarida qo‘llanilishiga urg‘u berishni rejalashtirmoqda.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar bulutli texnologiyalar, Kubernetes, SRE va DevSecOps bilan ishlash, shuningdek, AIOps va MLOps’ni joriy etish, AI-platformalarini ishga tushirish va qo‘llab-quvvatlash hamda tizimlarning nosozliklarga chidamliligi va kuzatiluvchanligi masalalarini muhokama qiladilar.

Dastur, shuningdek, soha mutaxassislari ishtirokidagi vorkshoplar, muhokamalar va netvorkingni o‘z ichiga oladi.

Tadbir INHA University in Tashkent binosida bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish uchun havola orqali chipta xarid qilish kerak.