26-oktyabrdan 1-noyabrgacha poytaxtda me’morchilik, dizayn, developerlik, biznes va kreativ sanoat vakillarini birlashtiruvchi Tashkent Design Week 2026 haftaligi bo‘lib o‘tadi. Yetti kun davomida shaharning 20 dan ortiq manzilida ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, panel munozaralari, taqdimotlar va maxsus tadbirlar tashkil etiladi. Dasturda 30 dan ziyod spiker qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Asosiy muhokamalar Yangi Toshkentni rivojlantirish, barqaror arxitektura, shahar dizayn-kodi, madaniy merosni asrab-avaylash hamda loyihalashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash masalalariga bag‘ishlanadi.
Spikerlar qatoridan Yangi Toshkentning bosh dizayneri Hakan Jeyhan Agja, Wilmotte & Associés boshqaruvchi direktori Borina Andriyo, “yashil” qurilish bo‘yicha ekspert Temur Ahmedov va boshqa mutaxassislar o‘rin olgan.
Haftalik doirasida buyumlar dizayni, me’moriy meros hamda yangi shaharni rivojlantirish konsepsiyasiga bag‘ishlangan Designing Uzbekistan, Design Legacy va New Tashkent Masterplan Preview ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tadi.
Alohida dastur dizayn maskanlariga kasbiy ekskursiyalar, shourum va ustaxonalarga tashriflar, shuningdek, soha vakillari bilan uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi. Tadbir manzillari o‘rtasida Toshkent aholisi uchun bepul shatllar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Asosiy tadbirlar Tashkent City Mall, Tashkent City Park va Zamonaviy san’at markazida bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmalar har kuni soat 10:00 dan 22:00 gacha ochiq bo‘ladi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.