27−28-oktyabr kunlari Samarqandda moliya sohasini rivojlantirish va islomiy moliya vositalarini joriy etishga bag‘ishlangan Samarkand Islamic Finance Forum (SIFF 2026) xalqaro islom moliyasi forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Markaziy banki, Malayziyaning INCEIF universiteti hamda “Al Muamalat Consulting LLC” kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Unda Islom taraqqiyot banki (IsDB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), BMTTD va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, Malayziya, Indoneziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston markaziy banklari vakillari ham taklif etilgan.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida ishtirokchilar Markaziy Osiyoda islom moliyasining istiqbollari, korporativ boshqaruv, xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat masalalarini muhokama qiladilar. Alohida sessiyalar islom kapital bozorlari, likvidlikni boshqarish vositalari, mutaxassislar tayyorlash va ta’lim dasturlarini rivojlantirishga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, moliyaviy savodxonlikni oshirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda islomiy moliya xizmatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.