23-oktyabr kuni Toshkentda HR rahbarlari, biznes egalari, top-menejerlar hamda ish beruvchi brendi bo‘yicha mutaxassislarni birlashtiruvchi EMBRAS 2026 xalqaro sammiti bo‘lib o‘tadi.
Sammitning asosiy mavzusi — “HR biznes arxitektori sifatida: qo‘llab-quvvatlashdan strategiyagacha”. Ishtirokchilar biznes transformatsiyasida HRning o‘rni, xodimlar bilan ishlashning moliyaviy va operatsion natijalarga ta’siri, qaror qabul qilishda ma’lumotlardan foydalanish hamda CEOlarning HR-direktorlardan kutilmalarini muhokama qiladilar.
Texnologiyalar va sun’iy intellekt, xodimlarga investitsiya kiritish hamda 2030-yilga borib HR sohasida talabgir bo‘ladigan kompetensiyalarga alohida e’tibor qaratiladi. Dasturdan xalqaro va mahalliy ekspertlarning chiqishlari, biznes-keyslar tahlili hamda netvorking o‘rin olgan.
Sammit EMBRAS 2026 mukofoti bilan taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi. Bu yil mukofotga besh mamlakatdan 34 nafar da’vogarning to‘qqizta nominatsiya bo‘yicha 73 ta loyihasi taqdim etilgan. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish lozim.