21−23-oktyabr kunlari Toshkentda avtomobil ehtiyot va butlovchi qismlari, shuningdek, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish uskunalari hamda texnologiyalariga bag‘ishlangan “Automechanika Tashkent 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma avtomobilsozlik sanoati vakillari, dilerlik kompaniyalari, avtokomponentlar ishlab chiqaruvchilari hamda avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan korxonalarni bir maydonga jamlaydi.

Ko‘rgazmada ehtiyot qismlar, avtomobil komponentlari, servis markazlari uchun uskunalar hamda transportga texnik xizmat ko‘rsatish vositalari namoyish etiladi. Ishtirokchilar xalqaro ishlab chiqaruvchilarning takliflari bilan tanishishlari, yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishlari hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo avtomobil bozoridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishlari mumkin bo‘ladi.