Avvalroq 6-may kuni prezident qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarishda nazoratni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, qonunchilikda ko‘p kvartirali uylardagi to‘siq konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzgan shaxslarga maʼmuriy choralarni tezkor ko‘rish mexanizmi yetarli emas. 2023-yilda bunday holatlar 563 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 2 484 taga yetgan.

Ayniqsa, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan uylarda o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilish xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mamlakatda bunday ko‘p kvartirali uylar 15 270 tani tashkil etadi.

Shu bois ularda toifani o‘zgartirish va rekonstruksiya qilishni cheklash, to‘siq konstruksiyalarni buzganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jarima qo‘llash vakolatini Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga berish taklif etildi.

Kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Toshkent, Namangan va Qarshi shaharlaridagi oliygohlarda Avstriyaning Vena va Italiyaning Sapienza universitetlari bilan qo‘shma taʼlim dasturlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, istiqbolli kadrlarni rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuborish va ularning yangi bilim-ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.

Prezident sohadagi yangiliklar amaliyot bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligini taʼkidlab, hududiy studiyalardagi sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning fikrlarini tingladi. Takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori qurilish obyektlariga kameralar o‘rnatilishi mumkinligi haqida yozgandi.