20-may kuni C-Space Yunusabad Toshkentda startaplar va texnologik tadbirkorlar uchun PizzaPitch Mini nomli pitch-sessiya o‘tkazadi.
Tadbirning maxsus mehmoni — MA7 Ventures asoschisi, Higgsfield’ning ilk investorlaridan biri va mintaqadagi eng mashhur super-farishtalardan sanalgan Murat Abdurahmonov bo‘ladi. U o‘z faoliyati davomida $25 mln dan ortiq sarmoya kiritib, 14 ta muvaffaqiyatli “exit” bitimini amalga oshirgan. Uchrashuvda u startaplarning qanday o‘sishi va “yakkashox” darajasiga chiqishi haqidagi o‘z tushunchalari bilan o‘rtoqlashadi.
Tashkilotchilar ishtirok etish uchun faqat 10 ta loyihani saralab oladi. Startaplar o‘z yechimlarini investorlar, ekspertlar va ekotizim vakillariga taqdim etishlari hamda amaliy tavsiyalar olishlari mumkin bo‘ladi.
G‘oliblar uchun pul mukofotlari va C-Space kovorking maydonidan foydalanish uchun sertifikatlar nazarda tutilgan.
Tadbir soat 13:00 da C-Space Yunusabad maskanida bo‘lib o‘tadi. Startaplar uchun ishtirok etish pullik, narxi — 1,2 mln so‘m. Qatnashish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish zarur.