Tashkent Invest kompaniyasi ajratilgan avtobus yo‘laklarini (BRT) yaratish loyihasi bo‘yicha xalqaro muhandislik maslahatchisi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tanlov e’lon qildi.

Loyiha doirasida uchta — Shahrisabz, Amir Temur va Yangi Sergeli ko‘chalarida BRT kiniyasi tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, “transport yukini kamaytirish maqsadida” Amir Temur, Yangishahar va Rixsiliy ko‘chalari chorrahasida (Yunusobod universami yonidagi doira) tunnel qurish rejalashtirilgan.

brt, tanlov, tashkent invest

Muhandislik maslahatchisi 240 kun ichida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishi kerak bo‘ladi:

  • texnik nazorat;
  • loyihaning amalga oshirilishi monitoringi;
  • loyiha bo‘yicha muvofiqlashtirish va maslahatlar berish.

Birinchi bosqichda xizmatlarning boshlang‘ich narxi 6,28 mlrd so‘mni (QQS bilan) tashkil etadi.

Pul har oyda teng ulushlarda to‘lanadi. Shundan 15%i avans tariqasida, qolgan 85%i hisobot oyidan keyingi oyning oxirigacha beriladi (dekabr oyi uchun to‘lovlar shu oyda kelib tushadi).

Tanlovda mahalliy va xorijiy konsalting kompaniyalari, xalqaro muhandislik-konsalting tashkilotlari hamda xususiy konsultantlar ishtirok etishi mumkin. Zarurat bo‘lganda konsorsiumlarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yiladi.

Tanlov ishtirokchilari arizalar bilan birga texnik va moliyaviy takliflarni taqdim etishlari kerak. Shuningdek, ulardan narxning 1%i (62,85 mln so‘m) miqdorida garov yoki bank kafolati ko‘rinishida ta’minot taqdim etish talab etiladi.

Arizalar 20-maydan 2-iyungacha qabul qilinadi. Natijalar arizalar qabul qilingandan keyin 5 ish kuni ichida e’lon qilinadi.

Batafsil ma’lumotni +998712100261, +998909777253 va +998977780871 telefonlari orqali olish mumkin.


Avvalroq Spot Toshkentda avtobus yo‘lovchilari oqimi kuniga 2 mln kishiga yetkazilishi haqida yozgandi.