Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishganini yozgandi.

Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida joriy yilda poytaxtda 16 ta yangi avtobus yo‘nalishini ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 169 ta yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi 1900 ta avtobus aholi sonining o‘sishi fonida yetarli emas.

“Bugungi kunda kunlik yo‘lovchilar oqimi 1,4 mln kishini tashkil etadi. Shu bilan birga, yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 2 mlnga yetkazish salohiyatiga egamiz,” — dedi u.

Yig‘ilishda transport tizimini raqamlashtirish, hududlarda dispetcherlik markazlarini tashkil etish, naqd puldan voz kechish va bu tajribani boshqa sohalarda ham joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Hokim o‘rinbosari Toshkentda brutto-shartnoma tizimi allaqachon o‘z samaradorligini isbotlaganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan uni poytaxtni Toshkent viloyati bilan bog‘laydigan yo‘nalishlarga tatbiq etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov prezidentning Urganchda amalda bo‘lgan brutto-shartnomalar tizimini Xivada joriy etish bo‘yicha topshirig‘i haqida ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov so‘nggi ikki yilda tadbirkorlar tomonidan 245 ta transport vositasi, jumladan, 165 ta avtobus va 80 ta mikroavtobus xarid qilinganini ta’kidladi.

Yil yakunigacha 100 dan ortiq yangi avtobuslar xarid qilib, tuman markazlarini olis qishloq va mahallalar bilan bog‘lash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning ma’lum qilishicha, avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz muddati uzaytirilishi munosabati bilan tadbirkorlar avval rejalashtirilgan 136 ta o‘rniga 230 dan ortiq transport vositalarini olib kelishni va qo‘shimcha 14 ta yo‘nalish ochishni rejalashtirmoqda.


Avvaloq prezident yil oxirigacha 1800 ta avtobus xaridini moliyalashtirishni topshirgani haqida yozgandi.