22−25-sentyabr kunlari Toshkentda O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar va IT sohasidagi ICTWeek Uzbekistan 2026 bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligining rasmiy ko‘magida IT-ta'lim assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Dasturdan texnologik yechimlar ko‘rgazmasi, sohaviy sessiyalar, sammit, startaplar taqdimoti, ishbilarmon doiralar uchrashuvlari hamda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, infratuzilma, telekommunikatsiya va innovatsiyalar muhokamasi o‘rin olgan.
Tadbirda 51 mamlakatdan 25 mingdan ortiq mehmon, 200 dan ziyod startap va 200 ta kompaniya-eksponent qatnashishi kutilmoqda.
Spikerlar qatorida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Meta’ning generativ sun’iy intellekt tadqiqotlari bo‘yicha vitse-prezidenti Ruslan Salaxutdinov, Nvidia’ning mintaqaviy direktori Anton Jorayev, Uzum asoschisi Jasur Jumayev, shuningdek, Microsoft AI, Veon va boshqa xalqaro texnologiya kompaniyalari vakillari bor.
Tadbir Toshkentdagi CAEx majmuasida bo‘lib o‘tadi.