Qirg‘izistonning Botken shahrida O‘zbekiston bilan chegarada yangi chegara posti ochildi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Mutasaddilar So‘gment chegara postining ochilishi davlat xavfsizligini mustahkamlash va chegaraoldi hududlarda barqarorlikni ta’minlashda muhim voqea ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, bu davlatning chegara xavfsizligi masalalariga va chegarachilar mehnatiga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat berishi qayd etildi.

So‘gment chegara postida xizmatni sifatli olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy talablarga javob beradigan kazarma qurilib, xizmat o‘tash uchun zarur shart-sharoitlar qilingan.

Ushbu hududda chegarachilar qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasining 12 kilometrdan ortiq qismini qo‘riqlaydi.

Shuni ham aytish kerakki, shu kuni mamlakat hududida yana bir nechta chegara obyekti foydalanishga topshirildi.

Avvalroq Farg‘onadagi uchta chegara bojxona posti 1-oktabrgacha 24 soat ishlashi haqida xabar berilgandi.

Xususan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining Farg‘ona chegara bojxona posti, Shoximardon qishlog‘iga kirish qismida joylashgan Oq-Qiya bojxona punkti hamda So‘x chegara bojxona posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tdi.

Qayd etilishicha, bunga qadar mazkur bojxona maskanlari har kuni soat 06:00 dan 22:00 gacha xizmat olib borgan.

O‘tkazish punktlari ish rejimining uzaytirilishi yozgi sayyohlik mavsumida chegaradan o‘tayotgan fuqarolar uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida joriy etilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Afg‘oniston Ayritom chegara postida yashil yo‘lak tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.