O‘zbekiston yaqin to‘rt yilda elektr energiyasini saqlash tizimlarining umumiy quvvatini uch barobarga oshirishni rejalashtirmoqda, deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Mamlakatdagi birinchi akkumulyator majmualari 2024-yil dekabr oyida Farg‘ona va Andijon viloyatlari hududida ishga tushirildi. Ularning umumiy quvvati 300 MVt, energiya sig‘imi esa 600 MVt·soatni tashkil etdi.

2025-yilda quvvati 1245 MVt va energiya sig‘imi 1600 MVt/soat bo‘lgan yana bir nechta tizimlar ishga tushirildi. Hozirda O‘zbekiston energetika tizimida bir vaqtning o‘zida 2600 MVt/soatni saqlashga mo‘ljallangan 1545 MVt quvvatga ega akkumulyator majmualari ishlab turibdi.

Energiya to‘plagichlarining o‘rnatilgan quvvati energiya tizimiga tushadigan kechki maksimal yuklamaning 13,5%idan oshadi. Talab oshadigan vaqtda iste’mol qilinadigan har sakkizinchi kilovatt-soat shular hisobidan ta’minlanishi mumkin.

Akkumulyator komplekslaridan foydalanish quyosh va shamol elektr stansiyalarini umumiy energiya tizimiga samarali integratsiya qilishni ta’minlaydi, deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

Shuningdek, ular gaz sarfini va issiqlik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish sonini kamaytirish imkonini beradi.

Joriy yilda energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 2 GVtga, energiya sig‘imini esa 3600 MVt/soatga yetkazish rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy quvvati 3930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh elektr stansiyasi va 1652 MVt quvvatga ega 5 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi. Dastlabki to‘rt yarim oyda ular 4 mlrd kVt/soat “yashil” energiya ishlab chiqardi.


Avvalroq Spot elektromobil egalariga zaryadlash xarajatlarining bir qismini qaytarish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.