Energetika vazirligi elektr transporti uchun quvvatlantirish infratuzilmasi sohasini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorladi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e‘lon qilindi.
Qaror ekologik muvozanatni ta‘minlash va suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan islohotlar dasturidagi vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan. U prezidentning fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston-2030 strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘plamiga kiradi.
1-maydan boshlab fuqarolarga elektromobillarni quvvatlantirish xarajatlarining 1 kVt⋅soat uchun 300 so‘mdan oshgan qismiga kompensatsiya to‘lash joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Davlat byudjetidan ajratiladigan ushbu mablag‘lar 2030-yil oxirigacha to‘lab boriladi.
Pul avtomobil egasining Soliq mobil ilovasi orqali yuborgan arizasiga asosan uning bank kartasiga kelib tushadi. To‘lovlar hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasigacha amalga oshiriladi.
Joriy yil oxirigacha bo‘lgan davr uchun to‘lovlar ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha davlat byudjetiga prognozdan ortiqcha tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. 2027-yildan 2030-yilgacha subsidiyalar byudjet loyihasiga alohida modda sifatida kiritiladi.
Quvvatlantirish stansiyalari ishini nazorat qilish uchun yagona EV-Power platformasi yaratiladi. Uni 1-avgustgacha Toshkent shahrida sinov tariqasida, 1-dekabrdan esa butun O‘zbekiston bo‘ylab ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
EV-Power platformasida quyidagi funksiyalar mavjud bo‘ladi:
- elektr quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatishga doir texnik talablar va ularni tarmoqlarga ulash shartlari to‘g‘risidagi axborot;
- elektr quvvatlantirish stansiyalarining joylashuvi va ularni o‘rnatish uchun ajratilgan hududlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar;
- quvvatlantirish stansiyalarining quvvati va iste‘molini monitoring qilish hamda masofadan nazorat qilish;
- avariyalarning oldini olish uchun tig‘iz vaqtlarda cheklovlar joriy etish orqali tez quvvatlantiruvchi stansiyalar ishini masofadan boshqarish.
Onlayn-auksionlarda elektr quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish uchun yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi 50% ga pasaytiriladi. Bunda elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama tushishining oldini olish maqsadida shahar markazlari va boshqa joylarda quvvatlantirish stansiyalarini bir-biriga juda yaqin joylashtirish cheklanadi.
Quvvatlantirish stansiyalarini hududlararo yo‘llar bo‘yidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYQSH, AGQSH) yonida, shuningdek, davlat ahamiyatiga molik yo‘llardagi infratuzilma obyektlari yaqinida har 20 kilometrga 5 tagacha stansiya hisobidan joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Elektr quvvatlantirish stansiyalari har ikki yilda kamida bir marta akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilot tomonidan metrologik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Metrologik tekshiruvdan o‘tmagan yoki tekshiruv muddati tugagan quvvatlantirish stansiyalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, elektr quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish uchun yillik 10% stavkada maqsadli kreditlar ajratiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda dasturni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit liniyalarini jalb qilish choralarini ko‘rishi lozim.
Hujjat muhokamasi 17-maygacha davom etmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarining ommaviy o‘chirilishi haqida yozgandi.