Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasi hududida IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari barcha hududlarda raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish, yuqori daromadli ish o‘rinlari va zamonaviy quvvatlarni ko‘paytirish Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganini taʼkidladi.
Ayni maqsadga ko‘ra, alohida dastur va qarorlar qabul qilinib, zarur mablag‘lar va masʼullar aniq belgilangan holda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etilganidek, birgina Namangan viloyatining o‘ziga yil boshidan $2 mlrdlik xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiyalik hamkorlar bilan barpo etilgan $1,8 mlrdlik 20 ta yangi quvvat ishga tushirilmoqda.
Ular hisobidan farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo sanoatida 6,5 mingta ish o‘rni yaratiladi, 30 dan ziyod yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu loyihalar orqali viloyat iqtisodiyotiga 3,6 trln so‘mlik aylanma, $200 mlnlik eksport va budjetga 400 mlrd so‘mlik tushum qo‘shiladi.
Shu bilan birga, Namanganda sanoat, turizm, savdo komplekslari va uy-joy qurilishiga katta turtki beradigan yana $4 mlrdlik 28 ta loyihaga start berilmoqda.
Prezident Namangan viloyati aholisining 1,6 mlndan ortig‘ini yoshlar tashkil etishi, bu juda katta ijtimoiy-iqtisodiy kapital ekanini taʼkidladi. Yoshlarga axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt kabi zamonaviy bilimlar berib, ularni yuqori daromadli kasblarga o‘rgatish bo‘yicha katta startap loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Ekspertlar O‘zbekistonning sunʼiy intellekt bo‘yicha salohiyatini $10 mlrdga baholamoqda. Ushbu salohiyatni imkoniyatga, imkoniyatni esa aniq loyiha, yangi ish o‘rni va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.



So‘nggi yillarda Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy IT-parklar ishga tushirildi. O‘tgan yili oktabrda poytaxtda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichi boshlangan edi.
Xitoylik hamkorlar bilan $117 mlnlik yirik loyiha asosida respublikaning 6 ta hududi — Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida IT-parklar quriladi. Yangi Namangan shahrida barpo etiladigan majmua ushbu loyihaning ilk qaldirg‘ochi bo‘ladi.
Mazkur loyiha davlat rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyihaga muvofiq, 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino barpo etiladi. Bino xorijiy hamkorlar tomonidan loyihalash va qurilishdan tortib, ichki jihozlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olgan holda to‘liq tayyor holda foydalanishga topshiriladi.
Maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr bo‘lgan ushbu zamonaviy majmuada taʼlim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalar uchun maxsus xizmat ko‘rsatish tizimi tashkil etiladi.



Bu yerda o‘nlab kompaniyalar va startap studiyalar yagona axborot texnologiyalari ekotizimi sifatida faoliyat yuritadi. Majmuada namanganlik 2 mingga yaqin yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.
Loyihaning ishga tushishi viloyatda AT xizmatlar yillik hajmini 500 mlrd so‘mga, eksportni esa $30 mlnga yetkazishga zamin yaratadi.
Davlat rahbari loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan IT-parki qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Shu yerning o‘zida viloyatdagi yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Spot, avvalroq, Namangan aeroportidagi $175 mlnlik yangi terminal 2026-yil oxirigacha ishga tushirilishi haqida yozgandi.





