Toshkentdagi ko‘chalardan birida piyodalar xavfsizligini oshirishga qaratilgan RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon) texnologiyasi sinov tariqasida joriy etildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Yangi tizim Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga o‘rnatilgan.
U faol yo‘l belgilari va yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi sariq mayoqlar yordamida haydovchilarni piyoda yo‘lni kesib o‘tmoqchi ekanidan oldindan ogohlantiradi.
Piyoda yo‘l chetidagi tugmani bosgach, yo‘lning ikki cheti, markaziy qismi hamda qatnov qismi ustidagi konstruksiyada joylashgan signal chiroqlari bir vaqtning o‘zida yonadi.
Shuningdek, piyodalar o‘tish joyi belgisi ham yorug‘lik beruvchi maxsus quti ko‘rinishida ishlangan.




Markazning ta‘kidlashicha, mazkur yechim asosan transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan.
AQSh Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlariga ko‘ra, oddiy tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish darajasi o‘rtacha 18−30%ni tashkil etsa, RRFB tizimi o‘rnatilgandan keyin bu ko‘rsatkich 98%gacha yetishi mumkin.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ushbu texnologiya Toshkentda sinov tariqasida joriy etilganini hamda uning piyodalar xavfsizligini oshirishdagi amaliy samaradorligi baholanishini ma‘lum qildi.
Spot, avvalroq, Toshkentda avtobus yo‘laklariga deliniatorlar o‘rnatilayotgani haqida yozgandi.



