2026-yilda majburiy energiya auditini o‘tkazishni ta‘minlamagan 11 ta korxona mansabdor shaxsiga nisbatan ma‘muriy jazo choralari qo‘llanildi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat energetika reyestriga kiritilgan 371 ta korxonada joriy yilda energiya auditi o‘tkazilishi belgilangan. Korxonalardan kelib tushgan murojaatlar tahlili natijasida faoliyati qisqargan yoki tugatilgan 24 ta korxona aniqlangan.
Hozirda 259 ta iste‘molchida energiya auditi boshlangan bo‘lib, ulardan 73 tasida u to‘liq yakunlangan. Qolgan iste‘molchilarda esa audit ishlari davom etmoqda.
Yakunlangan auditlar natijasida energiya resurslarini tejashga qaratilgan 551 ta tashkiliy-texnik chora-tadbir tavsiya etildi.
Ularni amalga oshirish orqali 71 mln kVt/soat elektr energiyasi, 6,4 mln kub metr tabiiy gaz, 155 Gkal issiqlik energiyasi hamda 1 ming tonna neft mahsulotini tejash imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, energiya auditini belgilangan muddatlarda o‘tkazmagan yoki audit yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan energiyani tejash chora-tadbirlarini o‘z vaqtida bajarmagan 75 ta iste‘molchiga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanildi.
Spot, avvalroq, quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga 156 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘lanishi haqida yozgandi.