O‘zsanoatqurilishbank aksiyadorlari, bozor foydaning bir qismi taqsimlanishini kutganiga qaramay, 2025-yil yakunlari bo‘yicha oddiy aksiyalarga dividend to‘lamaslikka qaror qildi. Tegishli qaror 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida qabul qilingan.
Yig‘ilishda kuzatuv kengashining foydani taqsimlash va dividendlar to‘lash bo‘yicha tavsiyasi tasdiqlandi. Imtiyozli aksiyalar egalari yillik 20% stavkasidan, ya‘ni har bir aksiya uchun 3,8 so‘mdan dividend oladi. Ular bo‘yicha to‘lovlarning umumiy miqdori 1,4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Oddiy aksiyalar bo‘yicha esa dividendlar to‘lanmaydi.
Shu bilan birga, bank 2025-yilgi foydaning qolgan qismi qanday yo‘naltirilishini ochiqlamadi. Odatda, bunday tavsiyalar aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishidan oldin oshkor qilinsa-da, Korporativ axborot yagona portalida kuzatuv kengashining foydani taqsimlash bo‘yicha tavsiyanomasi ham yo‘q.
Ushbu qaror O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) portfeliga kiruvchi davlat kompaniyalariga nisbatan amalda bo‘lgan dividend siyosatini hisobga olganda, kutilmagandek tuyuladi.
2026-yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan kompaniyalar (shu jumladan ularning sho‘ba tuzilmalari) 2026 yil 1-iyulgacha 2025-yil yakunlari bo‘yicha sof foydasining kamida 50%i miqdorida davlat ulushiga dividendlar va ajratmalar hisoblashi, 2026-yil 1-sentyabrdan kechiktirmay esa ularni byudjetga o‘tkazishi kerak edi.
Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, bunday kompaniyalar 2030-yilgacha sof foydasining kamida 50% ini dividend to‘lovlariga yo‘naltirishi lozim.
2025-yil sentyabr oyida O‘zsanoatqurilishbank aksiyalarining 30%i UzNIF portfeliga o‘tkazilgan, 2026-yil fevralda esa jamg‘arma O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bank aksiyalarining yana 10% ini olgan. Natijada UzNIF‘ning bank kapitalidagi ulushi 40% gacha oshgan.
Bozor ishtirokchilari bank 2025-yilda 1,9 trln so‘mni tashkil etgan sof foydasining 50% ini taqsimlashini kutayotgan edi.
Bu kutilishlarga qaramay, oddiy aksiyalar bo‘yicha dividend to‘lamaslik to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi. Uni ovoz berishda ishtirok etgan barcha aksiyadorlar qo‘llab-quvvatladi. Yig‘ilish kvorumi 95,81% ni tashkil etdi, “ma‘qul” deb ovoz berganlar safida UzNIF‘ning o‘zi ham bor edi.
Spot UzNIF‘ning ishonchli boshqaruvchisi hisoblangan Franklin Templeton kompaniyasi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
“2025-moliyaviy yil yakunlari bo‘yicha oddiy aksiyalarga dividend to‘lamaslik to‘g‘risidagi qaror SQB‘ning mustahkam kapital holatini saqlab qolish maqsadida qabul qilindi. Bu bankning aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) yoki xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasidagi muvaffaqiyatli transformatsiyasi uchun muhim shart hisoblanadi, shuningdek, bankka O‘zbekiston bank sektorining jadal o‘sishi bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishda davom etish imkonini beradi. Aksiyadorlar hozirgi bosqichda bu barcha aksiyadorlar uchun qiymatni maksimal darajaga oshirishning eng maqbul yechimi degan xulosaga keldi. Shu bilan birga, kelajakda dividendlar to‘lanishini kutyapmiz”, — deyiladi izohda.
UzNIF‘ning bir qator boshqa portfel kompaniyalari allaqachon 2025-yil yakunlari bo‘yicha dividendlar to‘lanishini e‘lon qilgan — ayrim hollarda sof foydaning 50% idan ortig‘i dividendlarga yo‘naltirilgan. Franklin Templeton‘da qolgan kompaniyalar ham keyingi davrda tegishli qarorlarni qabul qilishini kutishmoqda.
Spot, avvalroq, prezident Uzbekistan Airways’ni IPOga tayyorlash ishlarini tezlashtirishni topshirgani haqida yozgandi.