2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda biznes kayfiyati ijobiy dinamikani saqlab qoldi, deyiladi Markaziy bank sharhida. So‘rovnomada mamlakat hududlaridan 2487 nafar tadbirkor ishtirok etgan.

So‘rovda qatnashganlarning 64%i biznes yuritish sharoitlarini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yaxshilangan deb baholagan — bir yil avval bu ko‘rsatkich 56% edi. Tadbirkorlar ijobiy o‘zgarishlar sifatida bank xizmatlari sifati yaxshilangani, litsenziyalash soddalashtirilgani va ma‘muriy aralashuv qisqarganini qayd etgan. Shu bilan birga, monopoliyalashtirish, soliq ma‘muriyatchiligi, elektr ta‘minoti va bojxona tariflari bilan bog‘liq vaziyat o‘tgan yilgi darajada qolgan.

Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida sezilarli oshgan bo‘lsa, Xorazm, Andijon, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida pasaygan.

Ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq ishlatilmasligiga elektr ta‘minotidagi uzilishlar, soliq tizimidagi qiyinchiliklar, ichki talabning yetarli emasligi, yoqilg‘i narxining oshishi va aylanma mablag‘lar yetishmasligi asosiy sabablar sifatida ko‘rsatilgan.

Birinchi chorakda iqtisodiy faollik sezilarli darajada o‘sdi: buyurtmalari ko‘payganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 11% punktga oshib, 57% ni, ishlab chiqarish va yuk tashish hajmlari esa 8−10% punktga o‘sgan.

Ishchi kuchiga bo‘lgan talab 5,6% punktga o‘sib, 50,4% ni tashkil etdi. Bunga Toshkent, Navoiy, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlaridagi ishlab chiqarish, turizm, ta‘lim, umumiy ovqatlanish va qishloq xo‘jaligi sohalari eng katta hissa qo‘shgan. Shu bilan birga, tadbirkorlarning 71%i kelgusi davrda makroiqtisodiy sharoitlar yaxshilanishiga ishonch bildirdi.

biznes kayfiyati, markaziy bank, regulyator, tadbirkorlik

So‘rov ma‘lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida respondentlarning 60%i biznes yuritish sharoitlarini yaxshilangan deb baholagan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14% punktga ko‘p.

Kelgusi chorakda poytaxt tadbirkorlarining aksariyati yoqilg‘i va energiya iste‘moli, yuk tashish hajmlari va ishchi kuchiga bo‘lgan talabning oshishini, shuningdek, buyurtmalar va ishlab chiqarish hajmlari ortishini kutmoqda.

Respondentlarning boshqa ko‘rsatkichlarga nisbatan kamroq qismi kredit yuki o‘sishini kutmoqda. Tadbirkorlarning 70%i yaqin uch yilda iqtisodiyot va ishbilarmonlik muhiti yaxshilanishiga ishonch bildirdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay’ni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida yozgandi.