Avvalroq Korzinka supermarketlar tarmog‘i Toshkentning turli tumanlarida pulli avtoturargohlar tashkil etish uchun 36 ta yer uchastkasini sotib olgani haqida xabar berilgandi.
Tarmoqni boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi Toshkentda pulli avtoturargohlar tashkil etish loyihasidagi ishtiroki yuzasidan Spot‘ga izoh berdi. Kompaniya ushbu loyihani alohida biznes yo‘nalishi sifatida ko‘rmasligini ma‘lum qildi va auksiondagi ishtirokini xaridorlarga ko‘rsatiladigan servisni yaxshilash istagi bilan izohladi.
“Asosiy maqsadimiz — Korzinka tarmog‘i xaridorlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish. Auksion yakunlari bo‘yicha olingan barcha 36 ta uchastka kompaniyaning mavjud supermarketlari yonida joylashgan va tenderda ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilishda aynan shu omil hal qiluvchi bo‘ldi. Biz mijozlarimizning do‘konlarga tashrif buyurgan vaqtda avtoturargohlardan qulay va ortiqcha qiyinchiliklarsiz foydalanishidan manfaatdormiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Ta‘kidlanishicha, xuddi shunday model tarmoqning bir qator supermarketlari yonida allaqachon mavjud: avtoturargohdan foydalanishning birinchi soati bepul, shundan so‘ng soatbay haq olinadi. Kompaniya fikricha, bu vaqt xarid qilish uchun yetarli bo‘lib, bunday yondashuv avtoturargoh joylarining aylanmasini ta‘minlashga imkon beradi. Yangi avtoturargohlarni tashkil etish barcha zaruriy protseduralar va kelishuvlar yakunlangach, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Loyiha texnik operatori sifatida hozirgi bosqichda avtomatlashtirilgan to‘xtash joylari tizimlarini tashkil etish tajribasiga ega Parking24 kompaniyasi ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, Korzinka vakillari yillik ijara to‘lovi miqdori va Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalar haqidagi savolga javob bermadi. Faqatgina kompaniya auksionda ishtirok etishning barcha zaruriy shartlarini bajargani hamda qonunchilik talablari va tuzilgan bitimlar shartlariga rioya qilish niyatida ekanligini ta‘kidladi.
Bundan tashqari, supermarketlar tarmog‘i pullik avtoturargohlarni mustaqil biznes yoki daromad manbai sifatida ko‘rib chiqmasligini ma‘lum qildi.
“Bizning asosiy faoliyatimiz — chakana savdo va biz pullik avtoturargohlar tashkil etishni mustaqil biznes yo‘nalishi yoki daromad manbai sifatida ko‘rmaymiz. Biz uchun avtoturargoh — mijozlarga xizmat ko‘rsatishning bir qismidir. Agar kelajakda Korzinka‘ning mavjud yoki yangi supermarketlariga tutash hududlar uchun tenderlar e‘lon qilinsa, biz avvalo ularning mijozlarimiz uchun potentsial foydasini baholagan holda, ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyormiz”, — deya ta‘kidladi kompaniya.
Bir kun avval supermarketlar tarmog‘ini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi auksion yakunlariga ko‘ra o‘z do‘konlari yonida pulli avtoturargohlar tashkil etish uchun 36 ta yer uchastkasini ijaraga oldi. G‘olib yagona lot uchun 20,95 mlrd so‘m taklif qildi — bu boshlang‘ich narxdan 15,65 baravar yuqoridir. Loyiha shartlariga ko‘ra, xususiy sherik videokuzatuv tizimlari, to‘lov terminallari bilan jihozlangan hamda shaharning Pullik avtoturargoh tizimiga integratsiyalashgan avtoturargohlar yaratishi lozim. Avtoturargoh uchun minimal to‘lov soatiga 10 ming so‘mni, loyihani amalga oshirish muddati esa 10 yilni tashkil etadi.
O‘z navbatida, Toshkent shahar hokimligi ushbu bitimni “piyodalarga yo‘naltirilgan siyosatning amaliy ifodasi” deb atadi. Poytaxt ma‘muriyati fikricha, yo‘lning qatnov qismidan tashqarida zamonaviy avtoturargohlar yaratilishi trotuarlar, piyodalar o‘tish joylari va ko‘chalarni tartibsiz to‘xtatilgan avtomobillardan xalos etishga, shuningdek, haydovchilarni avtomobillarni joylashtirishning tushunarli tizimi bilan ta‘minlashga va bo‘sh joylarni topishni tezlashtirishga imkon beradi.
Hokimlik, shuningdek, investorning loyihaga qiziqishi avtoturargoh infratuzilmasini rivojlantirishning tanlangan modeliga talab yuqori ekanini tasdiqlashini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, hokimlik vakillari auksion g‘olibi bir martalik to‘lovdan tashqari har yili ijara haqini to‘lashi va Toshkentni rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar o‘tkazishi kerakligini eslatib o‘tdi.
Spot, avvalroq, pulli parkovkalarga to‘lov qilmaganlik uchun 824 ming so‘m miqdorida jarima solish taklif etilayotgani haqida yozgandi.