O‘zbekistonda pulli parkovka uchun to‘lov qilmaganlik uchun 824 ming so‘m jarima solish taklif qilindi. Toshkent shahar hokimligi yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun to‘lov qilmaslikka ma‘muriy javobgarlik belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e‘lon qilingan va 28-iyulgacha taklif va mulohazalar uchun ochiq bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi 128−11-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Unda belgilangan muddatda pulli avtoturargoh joyidan foydalanganlik uchun haq to‘lamaslik yoki to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari uchun BHMning ikki baravari (1-sentyabrgacha — 824 ming so‘m, keyin — 880 ming so‘m) miqdorida jarima solish nazarda tutilgan. Bunda ushbu norma qonunga ko‘ra avtoturargohlardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Shuningdek, loyihada to‘lov qilinmagani fakti avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari yordamida olingan materiallar, shuningdek, axborot tizimlari ma‘lumotlari bilan tasdiqlanishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, bunday ma‘muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilash maqsadida MJtKning bir qator moddalariga o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda.
Tushuntirish xatida loyiha ishlab chiquvchilari pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun haq to‘lash majburiyati “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonunda allaqachon belgilab qo‘yilganini ta‘kidlagan. Biroq, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hozircha to‘lov qilmaganlik uchun jazo nazarda tutilmagan. Taklif etilayotgan modda ushbu huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishi kerak.
Ushbu norma faqat davlat hokimiyati organlari tasarrufidagi ko‘chalarda tashkil etilgan yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlarga nisbatan qo‘llanadi. U shlagbaumli xususiy pullik avtoturargohlarga taalluqli emas, chunki ulardan to‘lovni amalga oshirmasdan chiqib ketishning imkoni yo‘q.
Pulli parkovkaga to‘lov qilmaganlik uchun jarima
2025-yilning oktabr oyida Toshkent shahar hokimligi prezidentga yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlarida to‘lovlarni amalga oshirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish va jarima maydonlarini tashkil etishni taklif qilgandi.
O‘shanda IIV YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev Spot so‘roviga javoban, hozirda qonunchilikda yo‘l chetidagi pulli to‘xtash joylariga haq to‘lamaganlik uchun javobgarlik mavjud emasligini bildirgan. Jarima faqat to‘xtashni taqiqlovchi belgi o‘rnatilgan joylarda to‘xtaganlik uchun yoki Yo‘l harakati qoidalarining 91-bandida nazarda tutilgan boshqa hollarda tayinlanadi.
Avgust oyida bloger Kirill Altman pulli avtoturargohlar operatori Poytaxt Parking maslahatchisi Sergey Marinichevga tayanib, to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun jarima BHMning 2 baravari (824 ming so‘m) miqdorida belgilanishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Sentabr oyida esa Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.
Joriy yilning mart oyida poytaxt hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev Toshkent hokimligi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlariga to‘lovlarni amalga oshirmaganlik uchun jarimalar joriy etish tarafdori ekanini maʼlum qilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda jarima ballari 12 balldan oshgan 671 haydovchi guvohnomasidan ayrilishi haqida yozgandi.