O‘zbekistonda jarima ballari 12 dan oshgan haydovchilar soni 670 nafardan oshdi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev xabar berdi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha 399 269 nafar fuqaroga ma’muriy ogohlantirish chorasi qo‘llanilgan.
Ma’muriy ogohlantirish transport vositasidan foydalanish qoidalarini buzish, boshqaruv vaqtida telefondan foydalanish, monitor yoki displeydan teledastur tomosha qilish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini, majburiy sug‘urta talablarini buzish, shuningdek, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilgan holatlarda beriladi.
Qayd etilishicha, ma’muriy ogohlantirish bir shaxsga nisbatan yiliga faqat bir marta qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, bugungi kunda 671 nafar haydovchi 12 balldan ortiq jarima ballini to‘plagan. Amaldagi tartibga ko‘ra, jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar kamida olti oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
May oyi boshida 12 tadan ortiq jarima ballini to‘plagan ilk haydovchi ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda yana 11 nafar haydovchi 8−10 ball to‘plagan bo‘lib, ularning aksariyati Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelgan. May oyi o‘rtalariga kelib esa 12 va undan ortiq jarima ballini to‘plagan haydovchilar soni 100 nafardan oshgan.
1-apreldan boshlab foto va videoni qayd etish kameralari aniqlagan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari hisoblana boshlandi. Bungacha ballar faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar asosida berilar edi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektromobillar soni 109,2 mingtaga yetgani haqida yozgan edi.