O‘zbekistonda 2026-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra ro‘yxatga olingan elektromobillar soni 109,2 mingtani tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Elektromobillarning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 79,9 mingta elektromobil ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu mamlakatdagi jami elektromobillarning qariyb 73% ini tashkil etadi.

Hududlar kesimida Toshkent viloyati 8,2 mingta elektromobil bilan ikkinchi, Samarqand viloyati esa 4,5 mingta elektromobil bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

Shuningdek, Xorazm viloyatida 3 mingta, Qashqadaryo viloyatida 2,6 mingta, Farg‘ona viloyatida 2,2 mingta, Navoiy viloyatida 1,8 mingta, Buxoro viloyatida 1,7 mingta, Andijon viloyatida 1,5 mingta hamda Namangan viloyatida 1,2 mingta elektromobil mavjud.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 mingta, Sirdaryo viloyatida 799 ta, Jizzax viloyatida 517 ta elektromobil ro‘yxatga olingan.

Eng kam elektromobil Surxondaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 315 tani tashkil etadi.

Joriy yilning aprel oyida elektromobillar savdosi 8,1 ming donani tashkil etgandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga oshgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni 4,9 mlndan oshgani haqida yozgandi.