Aprel oyida O‘zbekiston bo‘yicha barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 88,2 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9% ga kamaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
Yil boshidan buyon mamlakatda barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi jami 348,5 ming donani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1% ga ko‘p.
Eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Bu yerda bozor hajmi 11,8% ga oshdi. Shuningdek, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ham yuqori o‘sish kuzatilib, mos ravishda 11% va 10,9% ni tashkil etdi.
Birlamchi avtomobil bozori
O‘tgan oyda yangi yengil avtomobillar savdosi 24,9 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6% ga kamaydi.
Shu bilan birga, savdoning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ta’minladi. Xususan, aprel oyida mahalliy yengil avtomobillar savdosi qariyb 21,3 ming donaga yetdi va yillik hisobda 4% ga o‘sdi.
Birlamchi bozordagi faollikning pasayishi asosan xorijiy avtomobillar savdosining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Aprel oyida yangi xorijiy avtomobillar savdosi taxminan 3,6 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32% dan ortiqqa kamaydi.
Ikkilamchi avtomobil bozori
Aprel oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 43,7 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15% dan ortiqqa kamaydi.
Elektromobillar bozori
Aprel oyida elektromobillar savdosi 8,1 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga oshdi.
Yillik hisobda savdolar o‘sishi deyarli barcha hududlarda kuzatildi. Faqat Samarqand viloyatida bozor faolligi o‘tgan yilga nisbatan 34% ga kamaydi.
Eng yuqori savdo hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 5,56 mingdan ortiq elektromobil sotildi.
Shu tariqa, mamlakat elektromobillar bozorining qariyb 70%i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Hududlar orasida Toshkent va Farg‘ona viloyatlari yetakchilik qildi. Mazkur hududlarda mos ravishda 573 ta va 464 ta elektromobil sotildi.
Avvalroq Spot Toshkentda JAC Motors zavodi ochilgani va uningg ilk modeli M3 avtomobili bo‘lgani haqida yozgandi.