Korzinka supermarketlar tarmog‘ini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi pulli avtoturargohlar tashkil etish uchun 36 ta yer uchastkasini ijaraga oldi. Bu haqda E-auksion saytida xabar berildi.
Yagona lot sifatida savdoga qo‘yilgan uchastkalar bo‘yicha kimoshdi savdosi 13-iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Savdolar 9 soat-u 28 daqiqa davom etib, 293 qadamda yakunlandi va yakuniy narx boshlang‘ich narxga nisbatan 15,65 barobarga oshdi.
Xaridor lot uchun 20,948 mlrd so‘m taklif qildi va to‘lovni amalga oshirib bo‘ldi. Ayni paytda buyurtmachi bilan shartnoma tuzilishi kutilmoqda.
Tashkent Invest munitsipal kompaniyasi iyun oyida Toshkent shahrining 10 ta tumanidagi umumiy maydoni 3,99 gektar bo‘lgan yer uchastkalarini savdoga chiqargan edi. Savdo shartlariga ko‘ra, xaridor ushbu hududlarda davlat-xususiy sheriklik modeli asosida pulli avtoturargohlar tashkil etishi lozim.
Avtoturargohlar quyidagilar bilan jihozlanishi kerak:
- sun‘iy intellekt funksiyalariga ega videokuzatuv tizimlari;
- bo‘sh o‘rinlar sonini ko‘rsatuvchi LED-ekranlar;
- to‘lovlarni qabul qilish terminallari;
- Pulli avtoturargoh tizimi bilan integratsiyalashgan axborot tizimi.
Xususiy sherik terminallar va elektron to‘lov tizimlari orqali, shuningdek, bank kartalari bilan to‘lov qabul qilinishini ta‘minlashi shart. To‘lovning eng kam stavkasi — bir soat uchun 10 ming so‘m.
Shuningdek, doimiy foydalanuvchilar uchun bonusli sodiqlik dasturi ishga tushirilishi kutilmoqda. Tashkent Invest davlat sherigi sifatida avtoturargoh to‘lovining kamida 10% ini oladi, yana 5% ini esa Pulli avtoturargoh tizimi operatoriga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Avtoturargohlar loyihalari va sxemalari Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bilan kelishilishi lozim. Ularning hududida faqat yengil konstruksiyalarni (kapital inshootlarni emas) o‘rnatishga ruxsat etiladi.
Loyihaga kiritiladigan xususiy investitsiyalarning minimal hajmi 10,85 mlrd so‘mni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish muddati — 10 yil.
Lotga xususiy sherikka topshiriladigan uchastkalar joylashuvi ro‘yxati ilova qilingan. Geolokatsiya ma‘lumotlariga ko‘ra, barcha obyektlar Korzinka supermarketlari yonida joylashgan.
| Tuman | Manzil | Maydon, gektar |
| Olmazor | L-17/18 dahasi, 52A (Korzinka — Sebzor) | 0,13 |
| Fayzibaland-2 tor ko‘chasi, 72A (Korzinka — Olmazor) | 0,04 | |
| Qoraqamish-3 ko‘chasi, 56A (Korzinka Mahalla — G‘alaba) | 0,02 | |
| Beruniy ko‘chasi, 48A (Korzinka — G‘uncha) | 0,08 | |
| Qoraqamish-2 ko‘chasi, 17A (Korzinka — Qoraqamish 2/5) | 0,19 | |
| Qoraqamish-1/3 dahasi, 35B (Korzinka — Qoraqamish 1/3) | 0,23 | |
| Mirobod | Said Azimov ko‘chasi, 81A (Korzinka — Azimova) | 0,18 |
| Mirzo Ulug‘bek | Qorasuv-2, 23A (Korzinka — Qorasuv) | 0,08 |
| Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi, 299 (Korzinka — Lunacharskiy) | 0,04 | |
| Sayram ko‘chasi, 41 (Korzinka — Bo‘z Bozor) | 0,04 | |
| Sergeli | Yangi Sergeli ko‘chasi, “Ittifoq” mahallasi (Korzinka — Sergeli) | 0,26 |
| Yangi Sergeli ko‘chasi, “Yangi Sergeli” mahallasi (Korzinka — Sergeli-8) | 0,07 | |
| Uchtepa | Zargarlik ko‘chasi, 10A (Korzinka — Globus) | 0,12 |
| Kichik Darvoza ko‘chasi, 628E (Korzinka — Beshqayrag‘och) | 0,09 | |
| Chilonzor-26, 9B (Korzinka — Zargarlik) | 0,04 | |
| Chilonzor-12, 7E (Korzinka — Oazis) | 0,18 | |
| Chilonzor-26, 11E (Korzinka — Chilonzor-26) | 0,06 | |
| Chilonzor | Al-Xorazmiy dahasi, 3B (Korzinka — Bisyor) | 0,1 |
| Zargarlik ko‘chasi, 31A (Korzinka Mahalla — Sharq Tongi) | 0,12 | |
| MKAD, 20A (Korzinka — Kohinur) | 0,05 | |
| Bunyodkor shoh ko‘chasi, 1B (Korzinka — Novza) | 0,05 | |
| Cho‘ponota ko‘chasi, 57A (Korzinka — Chilonzor-8) | 0,11 | |
| Shayxontohur | Jarariq ko‘chasi, 7A (Korzinka — Jarariq) | 0,05 |
| Bunyodkor shoh ko‘chasi, 4D (Korzinka — Kamolon) | 0,07 | |
| Qoratosh ko‘chasi, 2B (Korzinka — Qoratosh) | 0,19 | |
| Abay ko‘chasi, 13 (Korzinka — Abay) | 0,22 | |
| Ibn Sino-1, 8 (Korzinka Mahalla — Ibn Sino) | 0,04 | |
| MKAD, 63A (Korzinka — Labzak) | 0,06 | |
| Yunusobod | Yangi shahar ko‘chasi, 7A (Korzinka — Samara) | 0,23 |
| Amir Temur shoh ko‘chasi, 112 (Korzinka — Sharqiston) | 0,14 | |
| Yunusobod-14, 62 (Korzinka — Ahmad Donish) | 0,15 | |
| Atxam Rahmat ko‘chasi, 12 (Korzinka — Sofiya) | 0,05 | |
| Yakkasaroy | Qushbegi ko‘chasi, 28/1 (Korzinka — Boshliq) | 0,19 |
| Yashnobod | Shoximardon ko‘chasi, 84 (Korzinka — Yangiobod) | 0,12 |
| Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 10/1 (Korzinka — Mashhadi) | 0,11 | |
| Oltintepa ko‘chasi, 7B (Korzinka — Riyoziy) | 0,09 |
Spot, avvalroq, pulli parkovkalarga to‘lov qilmaganlik uchun 824 ming so‘m miqdorida jarima solish taklif etilayotgani haqida yozgandi.