Avvalroq Spot yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlardan foydalangani uchun to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarga ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.

Bu bo‘yicha Toshkent hokimligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyiha prezidentning tegishli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, Toshkentdagi yo‘l infratuzilmasi obyektlari, jumladan transport vositalari to‘xtash joylari, jarima maydonchalari, bekatlar, vending apparatlari joylashgan hududlar hamda ularga tutash yer uchastkalari 10 yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan.

O‘zgartirishlar haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish hamda pulli avtoturargohlardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashga qaratilgan. Chunki, hokimlikning tushuntirishicha, pulli “parkovka"lardan foydalanishda to‘lov intizomi juda past.

Hozirgi kunda Toshkentdagi pulli avtoturargohlardan kuniga o‘rtacha 15 ming nafar haydovchi foydalanadi. Biroq ularning atigi 2−3%i, ya’ni 300−450 nafari xizmat haqini to‘laydi.

Bir oy davomida pulli turargohlardan taxminan 465 ming nafar haydovchi foydalanadi. Ulardan esa faqat 9,3 mingdan 13,95 ming nafargacha bo‘lgan qismi to‘lovni amalga oshiradi. Natijada har kuni 14 550−14 700 nafar, oyiga esa 451 050−455 700 nafar haydovchi pulli avtoturargohdan haq to‘lamasdan foydalanayotgani qayd etilgan.

Poytaxt hokimligining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu oyiga 450−455 mingdan ortiq, yiliga esa 5 mlndan ziyod huquqbuzarlik holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasiga boshqa transport vositasiga tegishli avtoraqam bilan yoki davlat raqami o‘zboshimchalik bilan yechib olingan avtomobilni pulli to‘xtash joylariga joylashtirishbi ham huquqbuzarlik sifatida belgilash taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, bu pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun to‘lov va javobgarlikdan noqonuniy ravishda qochishning oldini oladi. Ayrim haydovchilar to‘lov tizimlarini chetlab o‘tish maqsadida avtoraqamni yechib tashlashi yoki boshqa raqamdan foydalanishi mumkin. Bundan 10 kun ichida hali davlat raqamini olmagan yangi avtomobillar mustasno.

Loyiha mualliflari xalqaro tajribaga ham tayanmoqda. Ularning qayd etishicha, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozog‘iston, Turkiya, Rossiya va Belarus kabi mamlakatlarda pulli avtoturargohlar tizimi yo‘l infratuzilmasini tartibga solishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

Bunday amaliyot shaxsiy avtomobildan foydalanishni maqbullashtirish, jamoat transportidan foydalanishni rag‘batlantirish, shahar ko‘chalaridagi transport oqimini kamaytirish, tartibsiz parkovka hamda tirbandliklarni qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda jarima ballari 12 balldan oshgan 671 haydovchi guvohnomasidan ayrilishi mumkinligi haqida yozgan edi.