Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshkent shahridagi avtobus bekatlarini yangilash loyihasi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq poytaxtdagi 1 785 ta avtobus bekatini belgilangan talablarga moslashtirish uchun ularni E-auksion platformasi orqali ijaraga berish, rekonstruksiya va yangish ishlarini esa g‘olibning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirish belgilangan edi.
2025−2026 yillarda o‘tkazilgan auksionlarda Ewi snacks MCHJ 266 ta bekat joylashgan yer maydonlari hamda 230 ta yangi ijtimoiy bekat qurish bo‘yicha g‘olib deb topilgan. Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 2026-yil may-iyun oylarida jami 120 ta bekat — 60 ta ijaraga berilgan va 60 ta ijtimoiy bekat foydalanishga topshirilishi kerak edi.
Biroq agentlik o‘rganishlari davomida ushbu bekatlarning birortasi bo‘yicha ham qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagani aniqlandi. Ko‘plab bekatlarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan, zarur jihozlar esa to‘liq o‘rnatilmagan.




Shu sababli Toshkent shahar hokimligiga shartnoma va bitimdagi majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi, bekatlarni tasdiqlangan texnik talablarga muvofiq jihozlash va foydalanishga topshirish jarayonini qat’iy nazoratga olish zarurligi ko‘rsatildi.
Aksilkorrupsiya idorasi kelgusida o‘tkaziladigan auksion savdolarida raqobat muhitini kengaytirish, ko‘proq tadbirkorlarning ishtirok etishi uchun bekatlarni tumanlar yoki hududiy birliklar kesimida alohida lotlarga ajratgan holda savdoga chiqarish borasida ko‘rsatmalar berdi.
Shu bilan birga, mas’ullarga loyihalar to‘g‘risida jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilib borish topshirildi. Agentlik kelgusida ham jarayonni o‘rganishni davom ettirishini, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.
Bekatlarni yangilash
Mart oyidan boshlab Toshkentda avtobus bekatlari yangilanmoqda — ularni yagona standartga keltirish va ulardagi barcha savdo nuqtalarini olib tashlash rejalashtirilgan. Rasmiylarning tushuntirishicha, do‘konlar joyni egallab, yo‘lovchilarga xalaqit bermoqda, shu sababli odamlar transportni qatnov qismi yonida kutishga majbur bo‘lmoqda.
Spot buzish ishlarini poytaxt hokimiyati bilan muhokama qildi. Ma’muriyatda ta’kidlanishicha, bekatlar o‘zining asosiy funksiyasini bajarishi — yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi kerak.
“Tadbirkorlar bekatdan 100 metr radiusda, ko‘chaning odam ko‘p yuradigan qismida, avvalgi nuqtaga yaqin joyda yengil konstruksiyalar o‘rnatishlari mumkin. Shuningdek, hokimiyat mavjud imkoniyatlar doirasida joylashtirishning boshqa variantlarini ham ko‘rib chiqishga tayyor. Barcha shartlar individual tarzda muhokama qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Biroq bozor vakillari kichik biznes uchun jiddiy xatarlar haqida gapirmoqda. Bozor eksperti Ahmad Abdurasulov ta’kidlashicha, “to go” formati uchun bekat — bu “shunchaki manzil emas, balki biznes-modelning bir qismi”, unda odamlar oqimi asosiy rol o‘ynaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday lokatsiyani yo‘qotish biznesni amalda qaytadan ishga tushirishni anglatadi: “bu ko‘chish emas, balki noldan boshlashdir — yangi ijara, ta’mirlash va tushumni uzoq vaqt tiklash bilan”.
Tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘z noroziligini bildirishmoqda. “Ortiqxo‘jayev qur deydi, boshqa hokim kelib, buz deydi. Uyimga bir martagina xat keldi, ikki hafta o‘tmasidan buzib tashlashdi. Xatda buzish haqida gap yo‘q! Kompensatsiyani kim to‘laydi?”, — deb yozadi X (sobiq Twitter) foydalanuvchilardan biri.
Spot allaqachon biznesni ko‘chirish qanday amalga oshirilishi va tadbirkorlarga qanchaga tushishini o‘rgangan edi. Bozor vakillari mijozlar oqimi kamayishi, tushum pasayishi va biznesning amalda “qayta ishga tushishi” haqida gapirgan edi. Bu haqda batafsil — Spot’ning avvalgi maqolasida.
Savdo nuqtalari egalari ogohlantirishlar yetishmasligi, boshqa tumanlardan joy taklif qilinayotgani va kompensatsiya umuman yo‘qligidan shikoyat qilmoqda.
Shuningdek, Spot yana bir tadbirkor bilan suhbatlashdi. Bekatlarda savdo nuqtalari tarmog‘iga ega bu tadbirkor allaqachon ko‘chirish jarayoniga duch kelganini aytib, anonimlik sharti bilan jarayon qanday kechayotgani, biznesga qanday shartlar taklif qilinayotgani va amalda qanday yo‘qotishlar yuzaga kelayotganini so‘zlab berdi.
Avvalroq Toshkentdagi 212 ta avtobus bekati hokimlik tasarrufiga o‘tkazilishi haqida yozgan edi.



