Mart oyidan boshlab Toshkentda avtobus bekatlari yangilanmoqda — ularni yagona standartga keltirish va ulardagi barcha savdo nuqtalarini olib tashlash rejalashtirilgan. Rasmiylarning tushuntirishicha, do‘konlar joyni egallab, yo‘lovchilarga xalaqit bermoqda, shu sababli odamlar transportni qatnov qismi yonida kutishga majbur bo‘lmoqda.

Spot buzish ishlarini poytaxt hokimiyati bilan muhokama qildi. Ma’muriyatda ta’kidlanishicha, bekatlar o‘zining asosiy funksiyasini bajarishi — yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi kerak.

“Tadbirkorlar bekatdan 100 metr radiusda, ko‘chaning odam ko‘p yuradigan qismida, avvalgi nuqtaga yaqin joyda yengil konstruksiyalar o‘rnatishlari mumkin. Shuningdek, hokimiyat mavjud imkoniyatlar doirasida joylashtirishning boshqa variantlarini ham ko‘rib chiqishga tayyor. Barcha shartlar individual tarzda muhokama qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Biroq bozor vakillari kichik biznes uchun jiddiy xatarlar haqida gapirmoqda. Bozor eksperti Ahmad Abdurasulov ta’kidlashicha, “to go” formati uchun bekat — bu “shunchaki manzil emas, balki biznes-modelning bir qismi”, unda odamlar oqimi asosiy rol o‘ynaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday lokatsiyani yo‘qotish biznesni amalda qaytadan ishga tushirishni anglatadi: “bu ko‘chish emas, balki noldan boshlashdir — yangi ijara, ta’mirlash va tushumni uzoq vaqt tiklash bilan”.

Tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘z noroziligini bildirishmoqda. “Ortiqxo‘jayev qur deydi, boshqa hokim kelib, buz deydi. Uyimga bir martagina xat keldi, ikki hafta o‘tmasidan buzib tashlashdi. Xatda buzish haqida gap yo‘q! Kompensatsiyani kim to‘laydi?”, — deb yozadi X (sobiq Twitter) foydalanuvchilardan biri.

Spot allaqachon biznesni ko‘chirish qanday amalga oshirilishi va tadbirkorlarga qanchaga tushishini o‘rgangan edi. Bozor vakillari mijozlar oqimi kamayishi, tushum pasayishi va biznesning amalda “qayta ishga tushishi” haqida gapirgan edi. Bu haqda batafsil — Spot’ning avvalgi maqolasida.

Savdo nuqtalari egalari ogohlantirishlar yetishmasligi, boshqa tumanlardan joy taklif qilinayotgani va kompensatsiya umuman yo‘qligidan shikoyat qilmoqda.

Spot yana bir tadbirkor bilan suhbatlashdi. Bekatlarda savdo nuqtalari tarmog‘iga ega bu tadbirkor allaqachon ko‘chirish jarayoniga duch kelganini aytib, anonimlik sharti bilan jarayon qanday kechayotgani, biznesga qanday shartlar taklif qilinayotgani va amalda qanday yo‘qotishlar yuzaga kelayotganini so‘zlab berdi.


avtobus bekati, bekatlar, demontaj, toshkent shahri

Anonim manba,

bekatlardagi savdo shoxobchalari tarmog‘i egasi.

Bekatlardagi savdo nuqtalarini buzish qarori biznes nuqtayi nazaridan keskin va yetarlicha o‘ylab chiqilmagan ko‘rinadi. Bekatlar — bu shunchaki “kiosklar” emas, balki shakllangan mijoz oqimi, aniq iqtisodiy modelga ega nuqtalar, ish o‘rinlari va, eng muhimi, odamlar uchun qulaylikdir — ular yo‘l-yo‘lakay do‘konga kirib, biror narsa olishlari mumkin.

Aslida biznesdan yillar davomida shakllangan, investitsiya qilingan va soliqlar to‘lanib kelinayotgan joylar olib qo‘yilmoqda. Tadbirkorlar o‘z hisobidan Toshkent aholisi uchun qulay sharoit yaratgan.

Bizga hech qanday xabarnoma kelmagan. Amaldorlar kelib, oldimizga shart qo‘yishdi: “Mana qaror, binoni 5−6 soat ichida bo‘shatishingiz kerak”.

Biznes uchun buni yo‘qotishlarsiz amalga oshirishning iloji yo‘q — savdo nuqtasini ko‘chirish bir necha kun yoki soatda bitadigan ish emas. Biz avvalo bu nima uchun qilinayotganini tushunib olishimiz kerak.

Shuni inobatga olish kerakki, tadbirkorlar do‘kon yoki qahvaxona ochib, avvalo, bekatlarning ichida eng yaxshi sharoitlarni yaratadilar: qulay o‘rindiqlar qo‘yadilar, konditsioner, televizor o‘rnatadilar. Shuningdek, ko‘cha tarafini ham obodonlashtiradilar: maysazorlar ekadilar, bruschatka yotqizadilar, eshiklar qo‘yadilar va hokazo.

Barcha nuqtalar o‘zboshimchalik bilan emas, ruxsatnoma asosida qo‘yilgan. Barcha kadastr hujjatlari mavjud, ruxsatnomalarni esa shahar hokimligi bergan. Biznes u yerga qonuniy kirib borgan, sarmoya kiritgan, faoliyat yuritgan, soliqlarni to‘lagan — endi esa bu kelishuvlar amalda yo‘qqa chiqayotgan bir vaziyatga tushib qoldi. Vaholanki, biz o‘z tomonimizdan qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilgan edik.

Har bir savdo nuqtasiga katta mablag‘ sarflanadi: ta’mirlash, uskunalar, kommunikatsiyalar, obodonlashtirish. Bizga ruxsatnoma berilganida bu ishlarni qilishimiz shart bo‘lmasa-da, ko‘plab tadbirkorlar bekatlarni o‘z hisobidan tartibga keltirgan. Endi esa bu xarajatlarning bari bekor ketmoqda.

Bunday savdo nuqtalari odatda yillar davomida ishlab, barqaror mijozlar oqimini shakllantiradi. Bekat — trafik bo‘yicha eng kuchli lokatsiya turlaridan biridir. Bu ham tadbirkor, ham mijozlar uchun eng qulay “to go” (olib ketish) formatidir. Boshqa joyga ko‘chilganda bu oqim shunchaki yo‘qoladi.

Bizga muqobil joylar taklif qilindi, lekin ularni hozirgi manzillarimizga qiyoslab bo‘lmaydi. Ular odamlar oqimi va maqsadli auditoriyasi butunlay boshqacha bo‘lgan shahar chekkasidagi yoki shunchaki “qog‘ozda” mavjud bo‘lgan biror joyni taklif qilishlari mumkin edi. Ammo u yerda odam gavjum bo‘lmasa, bu o‘rin almashtirish emas, balki shunchaki rasmiyatchilikdir.

Ko‘chish — biznesni noldan boshlash bilan barobar. Bu maqsadli auditoriyaning almashishi degani va u har doim ham konsepsiyaga mos kelavermaydi, bunga hammaning ham kuchi yetavermaydi. Ayrim tadbirkorlar uchun bu holat faoliyatning to‘xtatilishi, ish o‘rinlarining qisqarishi va soliq to‘lovlarining kamayishi bilan yakunlanadi.

Ko‘chish xuddi yangi shoxobcha ochish kabi sarmoya talab etadi, bundan tashqari, eski mijozlar oqimini ham yo‘qotamiz. Ya’ni biznes ikki tomonlama zarba oladi: sarmoyadan ham, daromaddan ham ayriladi.

Hech qanday kompensatsiya yo‘q. Asosiy savol ham shu: nega barcha zararni faqat tadbirkor o‘z gardaniga olishi kerak? Vaholanki, biz nafaqat o‘z muassasamizga, balki odamlar avtobus kutadigan bekatlarning o‘ziga ham sarmoya kiritgan edik.

Hozircha bizga faqat moslashish qolmoqda: yangi joylar izlash, xatarlarni kamaytirish va strategiyani qayta ko‘rib chiqish. Lekin umuman olganda, bu vaziyat biznesning uzoq muddatli investitsiyalarga bo‘lgan ishonchiga qattiq zarba beradi.

Bu xuddi biznesning ushbu lokatsiyalarga kirishiga asos bo‘lgan kelishuvlarning bekor qilinishiga o‘xshaydi. Shuningdek, kuniga atigi bitta avtobus o‘tadigan bekatlar borligini ham hisobga olish kerak. Odamlarga qulaylik qilib, ish o‘rinlari yaratib, soliq to‘lab turgan, to‘g‘ri jihozlangan bekat va savdo nuqtasini buzish o‘rinlimi? Agar bugun savdo nuqtasini hech qanday kompensatsiyasiz olib tashlash mumkin bo‘lsa, ertaga hech kim bunday formatlarga investitsiya kiritmaydi.