O‘zbekiston diplomatlari BAAning eng yirik riteyl tarmoqlaridan biri bo‘lgan LuLu Group International bosh direktori Saifi Rupavala bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.

Muzokaralar davomida xorij tomoniga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi hamda tegishli tijorat takliflari taqdim etildi.

Saifi Rupavala mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini, shu bilan birga mahsulotlar raqobatbardosh narxlarda yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida transport yo‘laklarini chuqur o‘rganish zarurligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonning yirik eksportyorlar delegatsiyasining BAAga tashrifini tashkil etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

LuLu Group International kompaniyasi 1974-yilda Abu-Dabida tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Korxona 270 ga yaqin savdo nuqtalariga, jumladan, 120 ta gipermarket, 110 dan ziyod ekspress-do‘kon va 30 dan ortiq minimarketlarga ega.


Avvalroq Spot BAAning Rotana mehmonxonalar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Kompaniya turli brendlarning 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.