Bugungi kunda Colgate-Palmolive Company mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa og‘iz parvarishi vositalari bilan mashhur.

Kompaniya tarixi 1806-yilda Nyu-Yorkda Uilyam Kolgeyt tomonidan kichik hajmdagi sovun va sham ishlab chiqarish faoliyatidan boshlangan. Keyinchalik bu faoliyat kengayib, turli gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.

Vaqt o‘tishi bilan kompaniya rivojlanib, xalqaro miqyosdagi yirik ishlab chiqaruvchiga aylanib ulgurgan. Bugungi kunda u turli mamlakatlarda faoliyat yuritib, kundalik iste’mol mahsulotlari bozorida muhim o‘rin egallagan. Spot bu 200 yildan ortiq tarixga ega biznes haqida hikoya qiladi.


Uilyam Kolgeyt kim?

U 1783-yil 25-yanvarda Angliyaning Kent grafligidagi Xollingborn qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘sha davrdagi siyosiy vaziyat sababli uning oilasi AQShga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi va Merilend shtatidagi fermada yashay boshlaydi.

Oradan ko‘p o‘tmay, u 1804-yilda Nyu-York shahriga yo‘l oladi va sovun qaynatish sexida shogird sifatida ish boshlaydi. Bu yerda u nafaqat hunar o‘rgandi, balki boshqaruvdagi xatolarni kuzatib, kelajakdagi biznesi uchun muhim saboqlar ham oladi.

biznes tarixi, colgate

Chapda Uilyam Kolgeyt, o‘ngda Nyu-Jersidagi Colgate zavodi, 1909-yil atrofida. Foto: The Vintage Compact Shop

Shogirdlik muddati tugagach, u boshqa shaharlardagi dilerlar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qila boshlaydi. Nihoyat, 1806-yilda Golland ko‘chasida (Dutch Street) kraxmal, sovun va sham ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z biznesini yo‘lga qo‘yadi.

Ishlari yurishib ketgach, 1820-yilda Gudzon daryosining narigi tomonida, Nyu-Jersida kraxmal zavodini ham ochadi. Vaqt o‘tishi bilan Uilyam Kolgeyt Nyu-Yorkning eng boy va nufuzli insonlaridan biriga aylangan.

Odamlar uning maslahatlariga quloq tutar, u esa boshqalarga yordam berishdan hech qachon tortinmasdi. Shu tariqa u nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkor, balki jamiyatda katta hurmatga ega shaxsga aylanadi.

William Colgate & Company: omborxonadan boshlangan kichik tadbirkorlik

Barchasi Nyu-York markazidagi Golland ko‘chasi, 6-uyda joylashgan kichik bir omborxonadan boshlangan edi. Yosh muhojir Uilyam Kolgeyt aynan shu yerda o‘z biznesiga ilk qadam qo‘ygan. O‘sha paytda u tish pastasi emas, balki odamlarning kundalik ehtiyoji bo‘lgan sovun hamda sham ishlab chiqarishga e’tibor qaratgan.

Uning do‘konida oddiy xo‘jalik sovunidan tortib, xushbo‘y atirsovunlargacha o‘rin olgandi. Eng qizig‘i, u xaridorlarni hayratga solish uchun noodatiy shakldagi sovunlar ham tayyorlargan. Bunday sovunlar o‘sha davr Nyu-Yorki uchun yangilik bo‘lib, tezda odamlar e’tiborini torta boshlagan.

Uilyam ishlar kengaya boshlagach, Frenk Smit ismli tadbirkor bilan sheriklik qiladi va korxona “Smit va Kolgeyt” nomi bilan faoliyatini davom ettiradi. Keyinchalik, Smitning ulushini sotib olib, o‘z akasi Boulz Kolgeyt bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu sheriklik 1844-yilgacha, ya’ni 30 yildan ortiq davom etdi va kompaniya “William Colgate & Company” nomi ostida faoliyat olib bordi.

Foto: Colgate University

1857-yilda Uilyam Kolgeyt vafot etgach, kompaniya uning o‘g‘li Samuel Kolgeyt qo‘liga o‘tib “Colgate & Company” deb qayta nomlandi. Oilaning biznesi nafaqat sanoatda, balki ta’lim sohasida ham iz qoldirdi — 1890-yilda Nyu-York shtatidagi Medison universiteti Kolgeytlar oilasining uzoq yillik moliyaviy yordami sharafiga Kolgeyt universiteti (Colgate University) deb qayta nomlandi.

Xushbo‘y tish pastalarining yaratilishi

Kompaniyaning haqiqiy mashhurligi hali oldinda edi. 1873-yilga kelib brend tarixida yangi bosqich boshlandi: Colgate o‘zining ilk Aromatic Dental Cream xushbo‘y tish pastasini taqdim etdi.

O‘sha davrda odamlar tishlarini g‘isht kukuni, bo‘r yoki turli qo‘pol kukunlar bilan tozalashardi. Bu esa tish emaliga zarar yetkazgan. Colgate esa butunlay yangi yondashuv taklif qildi. Ularning tish pastasi tishlarni ehtiyotkorlik bilan tozalabgina qolmay, yoqimli hid orqali og‘izda uzoq vaqt tozalik qoldirardi.

Dastlab bu tish pastasi hozirgidek tyubiklarda emas, balki shisha bankachalarda sotilgan. Xaridorlar kremni maxsus tayoqchalar yordamida ishlatishgan. Oradan yillar o‘tib, 1896-yilda kompaniya yana bir inqilobiy yangilikni joriy qildi — tish pastasini egiluvchan metall tyubiklarga joylay boshladi.

biznes tarixi, colgate

Colgate kompaniyasining 1924-yildagi patent chizmasi: tish pastasi uchun takomillashtirilgan siquvchan tyubik mexanizmi. Foto: The Vintage Compact Shop

Logolarning o‘zgarishi

Dastlabki davrlarda logotip oddiy yozuv emas, balki o‘ziga xos g‘oyani anglatgan. Harflar yumaloq shaklda ishlanib, go‘yo tyubikdan siqib chiqarilayotgan tish pastasini eslatgan. Bu dizayn orqali brend o‘z mahsulotining mohiyati bo‘lgan tozalik va qulaylikni oddiygina yozuvda ham aks ettirishga harakat qilgan.

Vaqt o‘tib, 1960-yillarga kelib, logotip yanada zamonaviylashgan. U soddaroq hamda tartibli ko‘rinishga ega bo‘lib, brendning o‘sib borayotgan dunyo bozoriga moslashgan yangi qiyofasini ifodalagan.

1980-yillarda esa Colgate yana yangilanish bosqichiga qadam qo‘ygan. Bu safar logotip yanada qat’iy va aniq shaklga keltirilgan. Harflar qalinlashib, ular orasidagi masofa esa kamaygan. Shu davr logotipi ko‘pchilikning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolgandi.

Bugungi kunda esa Colgate zamonaviy FreeSet shriftiga yaqin, biroz o‘zgartirilgan logotipdan foydalanadi. U o‘z ildizidan uzilmagan hanuz yumaloq shakli bilan tish pastasi “siqib chiqarilayotgandek” taassurot beradi. Shu orqali brend o‘z tarixini va asosiy g‘oyasini saqlab qolgan holda, zamon bilan hamohang yashashda davom etmoqda.

Foto: Turbologo

Tish pastasi ishlab chiqaruvchilarning ko‘pchiligi odatda “tabiiylik"ni ifodalash uchun yashil rangni tanlaydi. Ammo Colgate bu yo‘ldan bormagan: u o‘zining yorqin qizil foni bilan boshqalardan ajralib turishni ma’qul ko‘rgan.

Xo‘sh, nega qizil rang va bu nimani ifodalaydi? Dizaynda oq rang poklik va oppoq tishlarni anglatsa, qizil rang yetakchilik, energiya va brendning dinamikligini ifodalaydi.

Keyinchalik brend o‘z vizual uslubini yanada boyitib, yer shari tasviri va tish pastasidan hosil bo‘lgan tabassum logotipidan ham foydalagan.

Rivojlanish

Kompaniya tarixida 1928-yil alohida o‘rin tutadi. Aynan shu yili Colgate & Company o‘z davrining yana bir yirik ishlab chiqaruvchisi — nomi tarkibidagi palma va zaytun moylaridan olingan Palmolive-Peet Company bilan birlashdi. Shu tariqa Colgate-Palmolive-Peet Company dunyoga keldi. 1953-yilga kelib esa uning nomi Colgate-Palmolive Company shakliga keltirildi.

Birlashuv ortida ham o‘ziga xos hikoya bor. Palmolive brendi o‘sha paytda juda mashhur bo‘lib, uning nomi tarkibidagi palma va zaytun moylaridan olingan. Bu mahsulot sifati va yangicha yondashuvi bilan millionlab odamlarning ishonchini qozongandi.

Yillar o‘tib, kompaniya yanada mustahkamlanib borgan. Nihoyat, 1953-yilga kelib, uning nomi bugun hammamiz yaxshi biladigan Colgate-Palmolive Company nomi bilan tanila boshlaydi.

biznes tarixi, colgate

Foto: Yandeks

1997-yilda Colgate Total AQSh bozoriga kirib borib, tez orada bozor yetakchilaridan biriga aylanadi.

2006-yilga kelib, kompaniya yana bir muhim qadam tashlaydi. Tabiiy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini anglagan Colgate-Palmolive Company AQShdagi mashhur Tom’s of Maine kompaniyasini sotib oladi. Shu orqali u tez sur’atlarda rivojlanayotgan “tabiiy mahsulotlar” yo‘nalishiga ham kirib keladi.

2020-yilgi COVID-19 pandemiyasi sharoitida kompaniya Hello Products LLCni sotib olib, innovatsion yo‘nalishlarni kengaytirdi. Shu bilan birga, millionlab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zdi: 25 mln dona sovun va millionlab dollarlik gigiyena mahsulotlari hamda hayvonlar ozuqasini xayriya qildi. Bu esa kompaniyaning nafaqat biznes, balki insonparvarlik yo‘lida ham mustahkam qadamlab borayotganini ko‘rsatdi.

Bugungi kundagi taqdiri

Hozirgi kunda Colgate 80 dan ortiq mamlakatda ishlab chiqarish korxonalariga ega global gigant hisoblanadi. Uning mahsulotlari 200 dan ortiq davlat va hududlardagi xonadonlarga kirib borgan.

2019-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning yillik sof tushumi $15,7 mlrdni tashkil etgan va uning dividend to‘lovlari ketma-ket 55 yildan ortiq vaqt davomida muntazam oshib kelmoqda. Ko‘pchilik Colgate deganda faqat tish pastasini tushunsa-da, brendlar oilasi ancha keng:

  • Hill’s” brendi orqali hayvonlar uchun shifobaxsh va sifatli ozuqa ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi;
  • Sovun, dush gellari va uy-ro‘zg‘or kimyoviy vositalari bozorida yirik ulushga ega;
  • Atrof-muhitni asrash va qayta ishlanadigan qadoqlar (“yashil” texnologiyalar) joriy etishda sanoatda namuna hisoblanadi.

Golland ko‘chasidagi kichik omborxonadan boshlangan bu hikoya bugun butun dunyo bo‘ylab insonlarning sog‘lig‘i va tabassumiga xizmat qiladigan global missiyaga aylangan.