Import qilinadigan avtomobillar uchun muvofiqlik sertifikatini bir kalendar yil davomida faqat bir marta berishni nazarda tutuvchi norma bekor qilindi.
Bu haqda prezidentning “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilandi.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament"ga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, reglamentdagi muvofiqlik sertifikatini “bir kalendar yil davomida bir martadan ko‘p bo‘lmagan” tartibda berishni nazarda tutuvchi norma bekor qilindi.
Ya’ni endi bir yil ichida olib kirilgan ikkinchi yoki undan keyingi avtomobillar uchun ham muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish mumkin.
Shuningdek, 2029-yilgacha ayrim qurilish texnikalari va laboratoriya uskunalarini import qilish bojxona bojidan ozod etildi.
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonga kichik hajmli avtomobillarni olib kirishdagi imtiyozlar amal qilishdan to‘xtadi.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yil iyun oyida import qilinadigan kichik hajmli avtomobillar uchun imtiyozlarni joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.
2025-yil oxirigacha dvigatel hajmi 1000 kub sm (1 litr) gacha bo‘lgan avtomobillar uchun nol stavkali boj, dvigatel hajmi 1200 kub sm gacha bo‘lgan mashinalar uchun esa 5%lik boj qo‘llanilgan.
Endi kichik hajmli xorijiy avtomobillar dvigatel hajmi 2 litrdan kam bo‘lgan avtomobillar uchun belgilangan umumiy qoidalar asosida import bojlariga tortiladi. Bu bojlar bojxona qiymatining 15%ini hamda har bir kub santimetr uchun 40 sentni tashkil etadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Volkswagen’ning 7 ta modeli ishlab chiqarilishi haqida yozgandi.
O‘zavtosanoat raisi Ulug‘bek Rozukulovga ko‘ra, avtomobillarni MDH, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga ham eksport qilish rejalashtirilmoqda.