O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tabiiy monopoliyalarga namunaviy shartnomalarni o‘zi bilan kelishish majburiyatini yuklashni taklif etdi. Bu haqda Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid Urunov Spot‘ga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap tadbirkorlar gaz, elektr energiyasi, suv yetkazib beruvchilar va boshqa tabiiy monopoliya subyektlari bilan ommaviy ravishda imzolaydigan hujjatlar haqida ketmoqda. Hozirda bunday shartnomalar, jumladan, Raqobat qo‘mitasida ekspertizadan o‘tkaziladi, biroq bu jarayonga Biznes-ombudsman jalb etilmagan.

Ta‘kidlanishicha, gap alohida kelishuvlar haqida emas, balki minglab tadbirkorlar bilan o‘zgarishsiz shaklda tuziladigan namunaviy shartnomalar xususida bormoqda.

“Agar bir namunaviy shartnomaning o‘zi ko‘plab tadbirkorlarni qamrab olsa — masalan, gaz ta‘minoti, elektr ta‘minoti, suv ta‘minoti yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kontraktatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar — ularning ekspertizasida Biznes-ombudsman ham ishtirok etishi lozim”, — deb qayd etdi u.

Urunovning ma‘lum qilishicha, tegishli taklif allaqachon yuborilgan, biroq, jumladan, Biznes-ombudsman idorasining resurslari cheklangani sababli hozircha amalga oshirilmagan.

Unga ko‘ra, bu yil mazkur masalani yana kun tartibiga olib chiqish rejalashtirilmoqda.

“Agar buning haqiqatan ham zarur ekani isbotlansa, tegishli majburiyat qonun yoki boshqa me‘yoriy hujjat bilan mustahkamlab qo‘yilishi mumkin”, — dedi ombudsman o‘rinbosari.

Uning fikricha, kelajakda namunaviy shartnomalarni ishlab chiquvchilar va tabiiy monopoliya subyektlarining o‘zlari ularni Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishishi shart bo‘ladi.

Spot, avvalroq, prezident biznes uchun byurokratiya va jarimalarni kamaytirishni topshirgani haqida yozgandi.