Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili va kelgusi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda odamlar biznes boshlashi va eksportga chiqishi uchun sharoit yaratilganini ta’kidladi. Hozirda 51 ta vazirlik va idora 322 ta yo‘nalishda moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. 2024−2026-yillar davomida qariyb 3 trln so‘mlik jarima qo‘llangan.

Prezident jazo qo‘llaydigan tashkilotlar mas’ullarining ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi zarurligini ta’kidladi. Ular tadbirkorni jazolashdan oldin unga imkoniyat berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi kerak.

Yig‘ilishda ishlab chiqaruvchi va eksportchilar zimmasidagi qo‘shimcha xarajatlar ham tanqid qilindi. Misol sifatida, bir fura gilosni eksport qilish uchun bojxona yig‘imi, fumigatsiya, sertifikat va deklarant xizmati xarajatlari 5 mln so‘mgacha yetishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan barcha vazirlar va tarmoq rahbarlariga bir hafta ichida o‘z tizimidagi byurokratiya, jarimalar, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish hamda biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni Prezident administratsiyasiga kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda joriy yilning olti oyi yakunlari bo‘yicha sanoat va eksport ko‘rsatkichlari ham tanqidiy tahlil qilindi.

Birinchi chorak yakunida sanoat rejasini bajarmagan 13 nafar va eksport ko‘rsatkichlarini pasaytirgan 15 nafar tuman hokimi jazolangan. Ko‘pchilik bundan xulosa chiqarib, yarim yillik prognozlarni bajargan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda sanoat o‘sish sur’atlari pasaygan.

Xususan, Yangiobod tumanida sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7% o‘rniga 1,8% ni tashkil etgan. Shuningdek, G‘ozg‘on shahri, Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida ham sanoat o‘sishi sust bo‘lgani qayd etildi.

Eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha esa Kasbi, Denov, Toshkent tumani, Jizzax shahri, Paxtaobod, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l, Yozyovon va Bektemirda ishlar sustlashgani tanqid qilindi.

Prezident bosh vazir Abdulla Aripovga sanoat va eksport ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqishni topshirdi.

Shuningdek, to‘qqiz oy yakuniga qadar vaziyat yaxshilanmasa, viloyat hokimlarining tegishli o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi.

Avvalroq Spot ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etgan tadbirkorlarga QQSning yarmi qaytarilishi haqida yozgan edi.