TBC Bank Group (TBC PLC) O‘zbekistondagi eng yirik onlayn e’lonlar platformasi — OLX Uzbekistan (OLX Classifieds) ning nazorat ulushini sotib olish bo‘yicha bitim yakunlanganini ma’lum qildi.

Bitim 24-iyul kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining roziligidan so‘ng yakunlangan. Bitim TBC Bank Group va Yaqin Sharqdagi investorlarni birlashtiruvchi Titan Investments bilan tuzilgan qo‘shma korxona orqali amalga oshirildi. Qo‘shma korxona OLX Uzbekistan’ning 100% ulushini sotib oldi. Unda TBC Bank Group 50% + 1 aksiya ulushiga, Titan Investments esa qolgan ulushga egalik qiladi.

Kompaniya o‘z brendi ostida mustaqil platforma sifatida ishlashda davom etadi. Kelgusida TBC Uzbekistan OLX UZ’ga moliyaviy va to‘lov xizmatlarini integratsiya qilishni rejalashtirmoqda.

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdianining ta’kidlashicha, bitim kompaniyaning raqamli ekotizimini kengaytirish va yangi mijozlarni jalb qilish strategiyasidagi muhim bosqich bo‘ladi.

“OLX UZ’ning xarid qilinishi bizga jadal rivojlanayotgan yangi yo‘nalishga kirish, millionlab yangi mijozlarni jalb qilish, mahsulotlar turini kengaytirish hamda uzoq muddatli mijozlar sadoqati va faolligini ta’minlovchi qo‘shimcha sinergiya imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beradi. Biz OLX Uzbekistan platformasining raqobatdagi asosiy ustunliklari — uning ochiqligi va mustaqilligini saqlab qolgan holda, yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishni davom ettiramiz”, — dedi u.

OLX Uzbekistan mamlakatdagi eng yirik onlayn e’lon platformalaridan biri bo‘lib, oyiga 5 mln faol foydalanuvchiga va 2 mln faol e’longa ega. Platforma xizmatlar, tovarlar, transport va ko‘chmas mulk yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.

2025-yil avgustida TBC Bank Group kompaniya aksiyalarining 100% nazorat paketini sotib olgan edi. Sotuvchi Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group edi. OLX UZ’ni sotib olish uchun TBC Bank Group Titan Investments bilan qo‘shma korxona tashkil etdi.

Joriy yilning iyun oyida Raqobat qo‘mitasi ushbu ulushni sotib olish bo‘yicha bitimiga rozilik berdi. Qo‘mita bitim raqobatga salbiy ta’sir qilmasligi uchun bir qator talablarni belgiladi. Jumladan, OLX foydalanuvchilarini faqat TBC Bank yoki Payme xizmatlaridan foydalanishga majburlamaslik, ma’lumotlardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish shartlari qo‘yildi.

Avvalroq Spot tadbirkor Farhod Mamatjonov Perfectum operatorining 50% ulushini sotib olishga ruxsat olgani haqida yozgan edi.