IT Park Uzbekistan Yevropa bozoriga chiqishni rejalashtirayotgan IT-kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Digital Uzbekistan: Tech Mission Germany 2026 dasturiga arizalar qabul qilishni e’lon qildi.

Tex-missiya 15−18-sentyabr kunlari Berlin, Visbaden va Frankfurt shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Dastur doirasida to‘rtta tarmoq tadbirida ishtirok etish, texnologik yechimlar taqdimoti, potensial mijozlar va hamkorlar bilan individual B2B uchrashuvlari, shuningdek, investorlar, venchur fondlari hamda Yevropa innovatsion ekotizimi vakillari bilan netvorking ko‘zda tutilgan.

Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishga tayyor kompaniyalar, tasdiqlangan mahsulotga ega startaplar, yevropalik mijozlarga yo‘naltirilgan servis kompaniyalari hamda bozorga chiqish strategiyasi ishlab chiqilgan jamoalar ariza topshirishi mumkin.

Arizalar 2026-yilning 3-avgustiga qadar qabul qilinadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish zarur.