Fransiyaning Electricité de France (EDF) energetika kompaniyasi meduzalarning katta to‘dasi sabab Gravelines AESining uchta energoblokini to‘xtatdi va yana birining quvvatini kamaytirdi.
Natijada stansiya Fransiyadagi anomal issiq ob-havo fonida jami qariyb 3,2 GVt ishlab chiqarish quvvatidan ayrildi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
Gravelines AESi mamlakatning shimoliy sohilida joylashgan bo‘lib, uskunalarni sovitish uchun dengiz suvidan foydalanadi. Dengiz organizmlari katta miqdorda to‘planib qolganda, ular suv olish tizimiga kirib, nasos stansiyalari filtrlarini to‘sib qo‘yishi mumkin.
Stansiyada aynan shunday holat yuz bergan: meduzalar to‘dasi sovitish tizimi ishiga xalaqit bergani sababli bir nechta energoblokni foydalanishdan chiqarishga to‘g‘ri kelgan.
Muammolar 10-avgust, dushanba kuni boshlangan. Nazorat organlari ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita reaktorni chorshanba oqshomigacha qayta ishga tushirish rejalashtirilgan. Yana ikkita energoblok esa umumiy 1,8 GVt quvvat bilan hafta oxirigacha o‘chirilgan holda qolishi mumkin.
Quvvatlarning bir qismi o‘ta issiq ob-havo davrida to‘xtatilgan. Yaqin kunlarda Fransiyaning ayrim hududlarida harorat 40 °C ga yaqinlashishi mumkin.
Bu elektr energiyasiga talab oshishi sababli energetika tizimiga tushadigan yuklamani kuchaytiradi. Shu bilan birga, EDF daryolar bo‘yida joylashgan boshqa AESlarda ham cheklovlarga duch kelmoqda: suv haroratining yuqoriligi reaktorlarni sovitish imkoniyatlarini kamaytirmoqda, chunki atrof-muhitga zarar yetkazmaslik talab etiladi.
Fransiya sohillari yaqinidagi g‘ayrioddiy iliq dengiz suvi meduzalarning ommaviy ko‘payishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu qirg‘oqbo‘yi atom elektr stansiyalari uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradi: sovitish tizimlari doimiy ravishda katta hajmdagi dengiz suvini tortib oladi va u bilan birga dengiz organizmlari ham uskunalarga kirib qolishi mumkin.
Gravelines AESida bunday holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Bir yil avval ham xuddi shunday vaziyat yuz bergan — o‘shanda meduzalar to‘dasi filtr barabanlarini to‘sib, dengiz suvi olish tizimining ishini buzgan.
Avvalroq Spot Rosatom investitsiya dasturining qisqarishi O‘zbekistondagi AES loyihasiga ta’sir qilmasligi haqida yozgandi.