Rosatom 2026-yilgi investitsiya dasturining qisqartirilishi kompaniyaning xalqaro majburiyatlariga, jumladan O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasiga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Spot’ga Rosatom matbuot xizmati ma’lum qildi.
Avvalroq ayrim xorijiy OAV “Rosatom” investitsiyalarining qisqarishini Qozog‘iston va O‘zbekistondagi AES qurilishi muddatlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi bilan bog‘lagandi.
Bunga kompaniya bosh direktori Aleksey Lixachyovning investitsiya dasturi qayta ko‘rib chiqilishi haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan.
“Hozirgi sharoitda Rosatom investitsiya dasturining salmoqli hajmini saqlab qolmoqda. Biz bir qator loyihalardan darhol voz kechdik yoki ularni amalga oshirish muddatini bir necha mezonlarga asoslanib kechiktirdik, ulardan eng asosiysi 2030-yilgacha bo‘lgan davrda samaradorlik, ya’ni har bir rubl investitsiya uchun ko‘proq foyda va tushumdir. Va, albatta, davlat vazifalarini bajarish zarariga emas. Investitsiya dasturining yakuniy hajmi 900 mlrd rubldan ortiqni tashkil etadi. U hamon mamlakatdagi eng yiriklaridan biri bo‘lib qolmoqda,” — dedi Aleksey Lixachyov (Strana Rosatom’dan iqtibos).
Interfax ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda davlat korporatsiyasining investitsiyalari 1,66 trln rublni, 2024-yil oxirida esa 1,456 trln rublni tashkil etgan. Shunday qilib, 2026-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturi hajmi 2025-yilga nisbatan taxminan 46% ga past.
Rosatom Spot so‘roviga javoban bu o‘zgarishlar “faqat Rossiya ichki loyihalariga taalluqli” va “davlat korporatsiyasining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha” ta’sir qilmasligini aytdi.
Kompaniya, shuningdek, O‘zbekiston AES qurilishi kelishilgan jadvalga muvofiq borayotganini ta’kidladi. 4-iyun kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari integratsiyalashgan AESning birinchi energobloki qurilishiga start berdi — kichik quvvatli stansiyaning poydevor plitasiga “birinchi beton” quyildi. Obyekt MAGATE standartlari bo‘yicha qurilayotgan AES maqomini oldi.
“Loyiha hukumatlararo kelishuvlar va kelishilgan jadvallarga qat’iy muvofiq amalga oshirilmoqda”, — deya ta’kidladi Rosatom matbuot xizmati.
Tinch atom
2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.
Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi.
Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.
Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.
Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.
Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.
4-iyun kuni O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi boshlandi. Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan AESning birinchi energoblokiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi betonning ramziy quyilishi stansiya qurilishining rasmiy boshlanishini belgilab berdi.
Avvalroq O‘zatom direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistondagi kichik AESni texnik ishga tushirish 2029-yil oktabr-noyabr oylariga rejalashtirilgani haqida ma’lum qildi.