17-sentyabr kuni Fido-Biznes Academy O‘zbekistonning bank va moliya sektori uchun qonunchilikdagi dolzarb o‘zgarishlarga bag‘ishlangan “Huquqiy soat” nomli yangi loyihasining ilk sonini o‘tkazadi. Uchrashuv Markaziy bank bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Birinchi vebinar “Islomiy moliyalashtirish to‘g‘risida"gi O‘RQ-1126-sonli qonunga bag‘ishlanadi. Unda ishtirokchilar ikki tomonlama bank xizmati modelini, islom banklari uchun yangi litsenziyani va Markaziy bank huzurida Islomiy moliya bo‘yicha kengash tashkil etish masalalarini tahlil qiladilar. Shuningdek, islomiy moliyalashtirishda ko‘zda tutilgan mudaroba, vakola, murobaha, salam, musharaka va ijara kabi operatsiyalar hamda yangi me’yorlarning banklar faoliyatiga ta’siri haqida so‘z yuritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Islomiy moliya sohasidagi tematik loyihalar bo‘yicha loyiha ofisi bosh mutaxassisi Xushnudjon To‘ymurodov spiker sifatida ishtirok etadi. Qatnashchilar yangi qonunchilikning amaliyotda qo‘llanishi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ekspertga berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ishtirok etish bepul, o‘rinlar soni cheklangan. Oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.