O‘zbekiston Hindiston bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni, xususan, go‘sht yetishtirish va uni O‘zbekistonga import qilish yo‘nalishini kengaytirmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sevimli telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Vazirning aytishicha, Hindistondagi nisbatan arzon go‘shtni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan. Xususan, Allana kompaniyasi bilan kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalar mavjud bo‘lib, so‘nggi tashrif doirasida qator yangi kelishuvlarga erishilgan.
Go‘sht importida asosiy talablardan biri mahsulotning halolligi va xavfsizligini ta‘minlash hisoblanadi. O‘zbekistonning oziq-ovqat korxonalari Hindistonda go‘shtni tayyorlash jarayonida ishtirok etib, keyinchalik uni O‘zbekistonga eksport qiladi. O‘zbekistonlik mutaxassislar, jumladan, qassoblarning so‘yish jarayonida ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.
“Bu borada birinchi talab ham shu — halol sertifikatlari bo‘lishi. Ikkinchidan, bizning o‘zimizning shu sohadagi oziq-ovqat korxonalarimiz go‘shtni o‘sha joyda tayyorlab, keyin eksportini yo‘lga qo‘yadi”, — dedi Abdurahmonov.
Mahsulotlarni yetkazib berish logistikasi bo‘yicha ham yangi yo‘nalishlar shakllantirilmoqda.
Vazirning qayd etishicha, turkiyalik hamkorlar bilan Mersin porti orqali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston, Hindiston va Turkiya ishtirokidagi uch tomonlama hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik urug‘chilik sohasida ham kengaymoqda. Hozir Xorazm viloyatidagi 12 ming gektar maydonda Hindistondan keltirilgan paxta navlari sinovdan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, sabzavot va oziqa ekinlarining yangi urug‘lari O‘zbekistonga olib kelinmoqda, o‘zbek seleksiyasi asosida qo‘shma yangi navlar yaratilmoqda.
Joriy yilda Hindistondan 10 tonnadan ortiq ertapishar zira urug‘i olib kelinib, g‘o‘za qator oralariga ekish bo‘yicha respublika bo‘ylab sinovlar o‘tkazildi. Bu ishlar Natbayogen kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Hindiston bilan jut yetishtirish yo‘nalishida ham hamkorlik kengaytirilmoqda. Hozir O‘zbekistonda qariyb 2 ming gektar maydonda kanop oilasiga mansub jut yetishtirilmoqda. Kelgusi yillarda uning ekin maydonini kamida 50 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan.
Abdurahmonovning qayd etishicha, O‘zbekiston qariyb $30 mlnlik tabiiy tolalarni import qiladi. Ayni paytda paxtachilikda tabiiy tolalar aralashtirilgan yangi mahsulotlar va brendlar paydo bo‘lmoqda.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo aylanmasi so‘nggi yillarda uch baravardan ko‘proqqa oshgan. O‘zbekistonning 30 dan ortiq turdagi mahsulotini Hindistonga eksport qilish uchun ruxsatnomalar, fitosanitar ruxsatnomalar va litsenziyalar olingan.
Shuningdek, ilgari boshqa mamlakatlar orqali yetkazib berilgan dukkakli ekinlarni Hindistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan.
“Eng katta yutuqlarimiz — savdo aylanmasi oxirgi yillarda uch baravardan ko‘proq o‘sdi. Bir tarafdan go‘sht mahsulotlari bizga kirib kelayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan biz 30 dan ortiq mahsulotlarimizni Hindistonga eksport yo‘nalishida ham ishlarni amalga oshiryapmiz”, — dedi vazir.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilgani haqida yozgandi.