Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini 2018 yilning 25 sentyabridan 2 foiz oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgiladi, xabar beradi «Biznes Daily».

Mazkur qaror tashqi iqtisodiy sharoitlar o‘zgarishini hisobga olgan holda qabul qilingan bo‘lib, inflyatsion bashoratlar oshishi, ma’muriy tartibga solinadigan narxlar o‘sishi va valyuta almashuv kursi o‘zgarishining ichki narxlarga ta’siri kuchayishi sharoitida inflyatsion bosimni pasaytirishga yo‘naltirilgan.

Keyingi paytda mamlakatimizda yillik inflyatsiya darajasi pasayishiga qaramasdan, inflyatsiya xatarlarining kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu pasayish dinamikasining o‘sish tomonga o‘zgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish ushbu xatarlar hamda inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, yillik inflyatsiya darajasi pasayishda davom etib, avgust oyida dastlabki prognoz ko‘rsatkichlari doirasida — 15,7 foizni tashkil etdi. Bu, o‘z navbatida, meva va sabzavotlar narxlarining mavsumiy arzonlashishi hamda 2017 yilda pul massasi oshishi va milliy valyuta devalvatsiyasi natijasida yuzaga kelgan yuqori inflyatsion bosim ta’sirining sekin-asta kamayib borishi hisobiga ro‘y berdi.

Joriy yilning boshida iqtisodiy rivojlanishning bazaviy bashoratlariga muvofiq, Markaziy bank tomonidan 2018 yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi 11,5−13,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinib, u quyidagi shartlarga asoslangandi:

  • asosiy hamkor savdo davlatlarda qulay tashqi iqtisodiy sharoitlarning saqlanib qolishi va makroiqtisodiy barqarorlikning yanada mustahkamlanib borishi;
  • ma’muriy boshqariladigan narx va tariflarning keskin oshirilmasligi;
  • umumlashtirilgan davlat byudjeti ijrosining muvozanatliligini ta’minlash;
  • iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining bir maromda o‘sishi.

Bugungi kundagi mavjud joriy holat bazaviy prognozlardan farqli ravishda pul-kredit siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va choraklik sharhlarida qayd etilgan inflyatsiya xatarlari ro‘yobga chiqayotganligidan dalolat bermoqda. Inflyatsion xatarlarning kuchayishi quyidagi omillar bilan izohlanadi.

Birinchisi, tashqi omillar ta’sirida so‘m almashuv kursining qadrsizlanishi. O‘z navbatida, ushbu devalvatsion bosim kuchayishini asosiy hamkor savdo davlatlar milliy valyutalari keskin qadrsizlanishi hisobiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligining pasayishiga milliy iqtisodiyotning aks javobi, deb qarash mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, almashuv kursi o‘zgarishining inflyatsiya darajasiga yig‘ma ta’siri yetti chorakkacha davom etadi hamda uning eng yuqori nuqtasi ikkinchi va to‘rtinchi choraklar oralig‘iga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchisi, kreditlash hajmlarining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida iqtisodiyotda iste’mol va investitsion talabning oshishi.

Uchinchisi, tartibga solinadigan narxlarning kutilgan darajadan yuqoriroq oshirilishi, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining bozor narxlariga moslashtirilishining prognoz qilinganligi.

Ma’muriy tartibga solinadigan narxlar oshirilishining umumiy inflyatsiya darajasiga ta’siri yuqori bo‘lsa-da, mazkur narxlarning erkinlashtirilishi iqtisodiyotda to‘planib qolgan tarkibiy nomutanosibliklarni bartaraf etish uchun zarur chora hisoblanadi. Mazkur jarayonni ortga surish pul-kredit siyosatining narxlar barqarorligini ta’minlashdagi samaradorligini pasaytirib, iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga to‘sqinlik qiladi.

To‘rtinchisi, byudjet xarajatlarining rejalashtirilgan ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishi va umumlashtirilgan davlat byudjetining muvozanatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha xatarlarning ortishi. Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining qisqa muddatli inflyatsiya bashoratlarining pasayishi bilan bir qatorda uzoq muddatli kutilmalarning barqarorlashuvi qayd etildi.

Ayni paytda tashqi sektordagi holat va uning ta’sirida ichki bozordagi o‘zgarishlar natijasida avgust oyi yakuni bo‘yicha qisqa muddatli kutilmalarning iyul oyiga nisbatan o‘sishi kuzatildi. Shuningdek, uzoq muddatli inflyatsiya bashoratlari joriy yilning ikkinchi choragida nisbatan yuqori, barqaror bo‘lgan bo‘lsa, iyul oyidan boshlab ularda ham o‘sish dinamikasi kuzatila boshlandi.

Avgust oyida milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi bo‘yicha kutilmalar keskin oshdi. Bunda agar fevral oyidan boshlab taxminlar sekin-asta pasayib, yil oxirigacha almashuv kursining barqaror bo‘lishi mo‘ljallangan bo‘lsa, avgust oyida devalvatsion bashoratlar ortib, yil yakuni bo‘yicha so‘m qadrsizlanishining kutilishi oshdi. Bu, o‘z navbatida, kelajakda inflyatsiya bashoratlarining qo‘shimcha ravishda oshishiga olib kelishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olgan holda joriy yil uchun inflyatsiyaning dastlabki prognoz ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilib, yillik inflyatsiya prognozi 16−17 foizgacha oshirildi.

Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, shu yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotda o‘sish sur’ati 5,0−5,2 foiz oralig‘ida bo‘ladi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha belgilangan tarkibiy islohotlar va davlat korxonalarining bosqichma-bosqich barqaror rentabellik ko‘rsatkichlariga chiqishi kelgusi va undan keyingi yillarda YAIM real hajmining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar, jumladan, hukumatning investitsion xarakterga ega xarajatlarining yuqori o‘sish sur’atlari hamda iste’mol talabining oshishi tashqi omillarning iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sirini yengillashtirish imkonini beradi. Qurilish, ayniqsa, uy-joy qurilishi hajmlarining ortishi va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ло­йиҳаларнинг amalga oshirilishi ushbu tarmoqlar va ularga tegishli sohalarda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, asosiy hamkor savdo davlatlardagi iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik o‘rta muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

Tashqi sharoitlar borasida 2018 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobvarag‘i qoldig‘ining -1,1 mlrd. AQSH dollarni tashkil etganligini alohida ta’kidlash zarur. Bu, asosan, uskunalar, texnologik liniyalar, xomashyo va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan boshqa tovarlar importining yuqori sur’atlarda o‘sishi bilan bog‘liq.

Mazkur investitsiya talabi, asosan, xorijiy kredit liniyalari va banklarning chet el valyutasidagi kreditlari hisobiga qoplanmoqda. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan katta hajmdagi investitsiyalarni moliyalartirishda tashqi resurslar ulushining oshib borishi to‘lov balansining tarkibiy jihatdan o‘zgarishiga olib keladi.

Alohida ta’kidlash lozimki, joriy yilning ikkinchi choragida valyuta tushumlarining ortishi monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan qo‘shimcha likvidlikni o‘z vaqtida sterilizatsiya qilish borasidagi Markaziy bank imkoniyatlarini qisman chekladi.

Shu bilan birga, 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobvaraqlaridagi mablag‘lar qoldiqlarning muayyan darajada pasayishi kuzatilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, bank tizimidagi likvidlikning oshishiga olib keladi. Natijada pul-kredit sharoitlarining biroz yengillashganligi banklararo pul bozorida (iyunda 13,1% va iyulda 12,8 foizdan avgustda 10,6 foizgacha)gi va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishiga ta’sir qildi.

Shuningdek, qayta moliyalash stavkasi oshirilishi majburiy rezervlarni шакл­лантирish mexanizmi o‘zgarishi bilan birgalikda depozitlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalarini ta’minlash orqali so‘mdagi jamg‘armalarning jozibadorligi hamda iste’mol hajmining muvozanatli o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi va shu orqali bank tizimidan pul resurslarini chiqib ketish xatarini pasaytiradi.

Banklarda jalb qilingan depozitlar hajmining oshishi hisobiga esa uzoq muddatli resurs bazasining kengayishi mos ravishda iqtisodiyotni uzoq muddatli investitsion resurslar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Bank tizimida likvidlikning nisbiy profitsiti mavjud sharoitida qayta moliyalash stavkasi oshirilishining jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalariga kredit kanali orqali ta’siri cheklangan. Bunda milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha bozor foiz stavkalarining nisbatan yuqoriligi kreditlarga bo‘lgan talabning bir qismi xorijiy valyutadagi kreditlar hisobiga qondirilishiga olib kelib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga bilvosita ta’sir qiladi.

Qolaversa, qabul qilingan qarorlar ta’sirchanligini oshirish maqsadida Markaziy bank tomonidan qo‘shimcha sterilizatsiya vositalarini faollashtirish hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarish bo‘yicha Moliya vazirligi bilan hamkorlik qilish бў­йича choralar ko‘riladi.

Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi, birinchi navbatda, inflyatsiya kutilmalarining oshishi va tashqi inflyatsion omillarning kuchayishi bilan bog‘liq xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan.

Bunda qayta moliyalashtirish stavkasining oshirilishi to‘g‘risidagi qaror iqtisodiy o‘sish sur’atlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi, birinchidan, ajratilayotgan kredit qo‘yilmalarining qariyb yarmi davlat dasturlari doirasida beriladigan kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelishi, ikkinchidan, joriy yilning 1 oktyabridan boshlab amalga kiritiladigan banklarning majburiy rezervlari bo‘yicha yangi tartib va normalar depozitlar bo‘yicha stavkalar oshgan holatda ham kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini oshirish zaruratini kamaytirib, banklarga foiz yuklamasini pasaytirish imkonini berishi bilan izohlanadi.

Umuman, Markaziy bank doimiy ravishda inflyatsiya xatarlarini jiddiy kuzatib borib, olinayotgan ma’lumotlar tahliliga asoslangan bosqichma-bosqich yondashuvdan foydalanadi. Bundan ке­йин ham ichki narxlar o‘sishiga monetar omillar ta’sirini pasaytiruvchi шароит­ларни ta’minlash maqsadida pul-kredit siyosatining barcha vositalarini qo‘llashni davom ettiradi.

Yaqinda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Markaziy bank tomonidan «Kredit va uning turlari, лoyi­ҳаларни moliyalashtirish jarayonlari, foiz stavkalari, hukumat dasturlari ijrosi» mavzusiga bag‘ishlab tashkil etilgan matbuot anjunida yuqoridagilar xususida so‘z yuritilib, mutasaddilar jurnalistlarning savollariga batafsil javob qaytarishdi.