Heritage Telegram kanali Pavel Durovning messenjerdagi faolligini bir hafta davomida kuzatib bordi.

Bunga uning o‘z asosiy akkauntida barcha Premium-foydalanuvchilar uchun “oxirgi marta onlayn bo‘lgan vaqti” statusini ochib qo‘ygani sabab bo‘ldi.

7 kunlik kuzatuv davomida Telegram asoschisi ilovada jami 1 kun, 1 soat va 43 daqiqa vaqt o‘tkazgan. Bu o‘rtacha kuniga 3 soat-u 40 daqiqadan to‘g‘ri keladi. Eng faol kunda Durov 5 soat-u 42 daqiqa onlayn bo‘lgan.

Bir hafta ichida u Telegram’ni 583 marta, ya’ni kuniga o‘rtacha 83 marta ochgan. Eng uzoq uzluksiz sessiya 1 soat-u 15 daqiqani tashkil etgan.

Tunda messenjer o‘rtacha 10 soat-u 11 daqiqa davomida yopiq bo‘lgan. Hafta davomidagi eng uzoq oflayn davr esa deyarli 14 soat-u 58 daqiqani tashkil etdi.

Bu ma’lumotlar Durovning o‘zi raqamli odatlarning zarari haqida aytgan fikrlari fonida yanada qiziqarli ko‘rinadi.

U bir necha bor telefonni chalg‘ituvchi omil deb bilgani uchun o‘zi bilan olib yurmasligini, cheksiz lentalar va qisqa videolar esa, uning so‘zlariga ko‘ra, “miyani kuydirishi"ni ta’kidlagan.


Avvalroq Pavel Durov o‘zining asosiy raqobatchisi Whatsapp’ga nisbatan keskin bayonot bilan chiqqandi.

Durov WhatsApp messenjeridagi shifrlashni “tarixdagi eng yirik firibgarlik bo‘lishi mumkin” deb atagan.