Rio-de-Janeyro shahrida ilk O‘zbekiston-Braziliya savdo uyi tashkil etilib, faoliyat boshladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, savdo uyi Brazilian-Uzbekistan Trade House Ltd. nomi bilan Braziliya qonunchiligi asosida to‘liq yuridik ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Yangi kompaniya uchun shartnomalar tuzish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish hamda Braziliya hududida o‘zbek mahsulotlarini sotish imkonini beruvchi huquqiy va tashkiliy asoslar yaratilgan.

Savdo uyi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy muloqot maydoni va amaliy ko‘mak mexanizmi sifatida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, u logistika, multimodal tashuvlar, omborxona va port infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarda tadbirkorlarga ko‘mak beradi.

Yaqin kunlarda savdo uyi ta‘sischilarining O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda eksportyorlar uyushmalari bilan amaliy savdo operatsiyalarini boshlash bo‘yicha muzokaralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

2025-yilning yozida Ulan-Bator shahrida O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi birinchi savdo uyi ochilgandi. Shuningdek, Lahor va Milan da ham Savdo uylari ochilgan edi.

Joriy yilning yanvarida Belarusda O‘zbekiston Savdo uyi ochilishi aytilgan edi. Savdo uyi orqali mamlakatga O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berish hamda logistika jarayonlarini yengillashtirish ko‘zda tutilgan.


Spot, avvalroq, O‘zbekiston-Serbiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi haqida yozgandi.