Meta 7000 nafar xodimni sun’iy intellekt ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi to‘rtta yangi tuzilmaga o‘tkazadi, deb yozadi The New York Times.
HR bo‘limi rаhbari Janel Geyl xabarnomada bu restrukturizatsiya “unumdorlikni oshirish va ish samaradorligini kuchaytirish” uchun amalga oshirilayotganini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bo‘linmalarda har bir xodimga to‘g‘ri keladigan rahbarlar soni kamayadi. Qo‘shimcha qilinishicha, qayta qurish “mehnat unumdorligini oshirishi va ishni yanada samaraliroq qilishi” kerak.
Nashrning qayd etishicha, yangi lavozimlar va vazifalar haqidagi batafsil ma’lumotlar xodimlarga 2026-yil 20-may kuni yuborilishi kerak.
Ayni shu kuni Meta 8000 nafar xodimni, ya’ni shtatning 10% ini ishdan bo‘shatish haqida xabardor qilishni rejalashtirmoqda.
Reuters manbalari Meta 2026-yil bahorida qisqartirishlar o‘tkazishni rejalashtirayotganini xabar qilgan. Ularning ta’kidlashicha, kompaniya 2026-yilning ikkinchi yarmida ham qisqartirishlar o‘tkazishni ko‘zda tutgan, biroq ularning aniq muddati va ko‘lami hali tasdiqlanmagan.
Aprel oyida Meta taxminan 8000 kishini ishdan bo‘shatishini va 6000 ta bo‘sh ish o‘rniga yangi mutaxassislarni yollamasligini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, kompaniya xodimlarga ish kompyuterlaridagi sichqoncha harakatlari va klaviatura bosilishini kuzatishni boshlashini e’lon qilgan.
Qayd etilishicha, undan ma’lumotlardan sun’iy intellektni o‘rgatishda foydalaniladi. Bu esa ayrim mutaxassislarning noroziligiga sabab bo‘lgan.
Avvalroq Meta’ning reklama biznesi 2026-yilda $240 mlrddan oshishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
O‘sishning asosiy omili reklamani avtomatlashtirish va kampaniyalar samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt vositalarini faol joriy etishdir.