“Aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini ta’minlash va uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huququiy axborot” kanali xabar berdi.
Endilikda davlat va xususiy uy-joy fondlarida ko‘rsatiladigan suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar oldindan 100%lik haq to‘lash asosida amalga oshiriladi.
Ushbu to‘lovlar to‘lanmaganida suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.
Shu jumladan, Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berganlik uchun majburiy to‘lovlar to‘lanmagan taqdirda, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq pensioner pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni ushlab qolish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida, uch yildan ko‘p bo‘lmagan davr uchun undirilishi belgilandi.