Ayni paytda xarid.uz portali O‘zbekistonda davlat xaridlari bo‘yicha yagona axborot resursi hamda elektron davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha onlayn savdo maydonchasi sanaladi.

2018 yilning may oyidan, ya’ni tizim ishga tushgan vaqtdan noyabr oyiga qadar xarid.uz portalida umumiy qiymati 1,5 trln so‘mdan ortiq 447 mingta shartnomalar tuzilgan. Bu haqda “O‘zRTXB” AJ matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Jumladan, byudjet buyurtmachilar 901,9 mlrd so‘mga teng 364 mingta bitimlar, korporativ buyurtmachilar esa 679,7 mlrd so‘mga teng 83 mingta bitimlarni imzolaganlar.

Umumiy hisobda elektron do‘kon orqali tuzilgan shartnomalarning qiymati 488,0 mlrd so‘mni, elektron auksion orqali 1,09 trln so‘mni tashkil etadi. Tuzilgan bitimlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ulushi 96% dan oshdi.