Instagram “karusel"dagi har bir surat uchun alohida izoh (caption) qo‘shish imkoniyatini joriy etdi. Funksiya butun dunyo bo‘ylab ishlaydi, deb yozadi Fast Company.
“Karusel"ga jami 20 tagacha foto va video yuklash mumkin — endi har bir mediafaylga alohida izoh qo‘shsa bo‘ladi.
Buning uchun avval suratlarni yuklash, so‘ngra izoh (caption) yoziladigan maydonni bosib, ochiladigan menyudan “bir nechta izoh” variantini tanlash kerak.
Agar har bir suratga alohida izoh yozishni istamasangiz, buni qilmasangiz ham bo‘ladi. Funksiya faqat yangi postlar uchun mavjud, avval e’lon qilingan postlarni tahrirlab bo‘lmaydi.
Instagram 2017-yilda “karusel” formatini taqdim etgan. 2021-yilda esa foydalanuvchilarga umumiy layk va izohlarga ega bo‘lgan qo‘shma postlar yaratish imkonini beruvchi Collabs funksiyasini ishga tushirgan.
2023-yil oxirida servis foydalanuvchilarning o‘zgalar “karusel"lariga foto va videolar taklif qilishiga imkon beruvchi funksiyani sinovdan o‘tkaza boshladi.
Iyun oyi boshida Instagram profildagi postlar tartibini o‘zgartirishga ruxsat bergandi.
Postni boshqa joyga ko‘chirish uchun uni bosib turib, profildagi yangi o‘ringa tortib o‘tkazish kerak.
Mazkur funksiya haqida 2025-yil iyun oyida e’lon qilgandi. Yangilik Instagram mualliflarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishga tushirayotgan Anyway nomli tashabbusning bir qismi bo‘lishi aytilgandi.
Avvalroq Spot Facebook, Instagram va WhatsApp’da Plus pullik obunalari ishga tushirilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, pulli obunaga ega Facebook va Instagram foydalanuvchilari “hikoyalar"ini 24 soatdan ko‘proq vaqtga joylashtira oladi.
