Yil so’zi — “Innovatsiyalar”

Bu yil o’zida ijobiy bo’lgan “innovatsiya” so’zi birdan suiste’mol qilinayotgan va hatto haqoratli holga aylandi.

Buning sababi e’lon qilingan va amaliy jihatdan qarama-qarshilik, shuningdek alohida idoralar va ommaviy axborot vositalarining “innovatsiyalar joriy qilinayotgani” haqida xabar berishga urinishi bilan bog’liq.

Natijada, “Innovatsiyalar parki” yoki “Suvsoz” DUK menedjeri sizning barcha shikoyat va takliflaringizni ONLAYN rejimida telefon orqali tinglashga tayyor" kabi sarlavhalar bilan boshlangan maqolalar paydo bo’la boshladi.

“Innovatsiyalar"ni har bir uchrashuv, har bir matn, har bir press-relizga joylashtira boshladilar. Ular bilan oddiy raqamlashtirishdan boshlang’ich auditga qadar hamma narsani nomlashga kirishdilar.

Biroq, blokcheynning birinchi amaliy tatbiqi yoki ekologik gulchangi qopqonlari o‘rnatilishi, E-ijroning musodara qilingan mol-mulk savdosidan deyarli hamma narsa sotish mumkin bo’lgan keng qamrovli portalga aylantirilishi kabi haqiqiy innovatsiyalar ham bo’ldi.

Ko’proq yangiliklar joriy qilishga urinishlar bo’ldi, ammo pasportlar o’rniga ID-kartalar, jamoat transporti uchun elektron to’lovlar joriy qilishga ulgurilmadi.

Yil islohoti — Soliq

“Inqilob” deb nomlangan islohot. Mamlakat tarixida ilk bor bunday muhim masalani hal qilishda jamiyatning barcha sektori ishtirok etdi.

Soliq islohoti, boshqa masalalar qatori, O’zbekistonning ko’p yillik muammosi, shu jumladan, doim chetlab o’tilgan ish haqini konvertlarda berish masalasi yechimiga start berdi.

2019-yilda biznesning ommaviy soyadan chiqishi kutilmoqda — hukumat sharoitlar yaratilganiga ishonadi, faqatgina kutish kerak bo’ladi. Ya’ni, soyadan necha kishi chiqishi davlat byudjetining kelgusi yildagi hajmiga bog’liq bo’ladi. O’zgarishlar juda muhim va bu faqat boshlanishi.

Yil hujjati — bojxona to’lovlarini kamaytirish to’g’risidagi qaror

2019 yil 1 yanvardan boshlab 3410 tovar pozitsiyasi va aksiz solig’i bo’yicha 780 dona import boji stavkalari pasaytiriladi. 11 300 import qilingan tovarlarning 72% iga nol darajadagi bojxona boji o’rnatildi.

Ushbu islohot soliq islohotidan kam emas. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar import tovarlar misolida raqobatga, mahalliy iste’molchilar esa — tokchalardagi mahsulotlarning keng assortimentiga ega bo’ladilar. Narxlarni pasaytirishni kutish mumkinmi? Albatta.

Shuningdek, hujjat avtomobillarga import bojlarini yumshatdi. Bu faqat qimmatbaho va elektr avtomobillar bo’lsin, biroq mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining protektsionizm umumiy holatiga qaramasdan, bu ochiq bozorga olib chiqadigan birinchi qadamga o’xshaydi.

Yil rezonansi — YouTube va Facebookga kirish muammolari

Sentyabr oyi boshida Facebook ochilishni to’xtatdi, keyin esa oktyabr oyida YouTube unga qo’shildi. Shu bilan birga, Forbes Kazakhstan, Financial Times va boshqa qator saytlar vaqti-vaqti bilan ochilmaydi.

Muammo deyarli to’rt oy davom etmoqda. Idoralar ushbu muammoni hal qilish uchun faol ish olib borayotganini aytmoqdalar, ammo bu bilan o’zgarish bo’lmayabdi.

Shu bilan birga, saytlarga kirish muammosi xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatni qabul qilishlariga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

Xususiy investorlar, asosan, xorijiy IT-kompaniyalar bunday hodisalarni juda jiddiy qabul qilmoqdalar. Maqola chop etilgan paytda muammolar saqlanib qolmoqda, biroq innovatsiya va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili tugagandan so’ng muammolar hal etilishiga umid bor.

Yil ilovasi — VPN

Shu yilning sentyabr oyiga qadar VPN ilovalari mamlakatdagi eng yuklangan 100 ta ilova (iOS va Android uchun) ro’yxatiga kiritilmagan edi, biroq yil oxiriga kelib reytinglarning yetakchilaridan biri hisoblanmoqda.

Telegram va Instagram’larni yuklab olish sonini ortda qoldirgan VPN ilovalari mashhurligining keskin ortishi Facebook va undan keyin YouTube-ga kirish bilan paydo bo’lgan muammolar bilan izohlanishi mumkin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida muammoni hal qilish bo’yicha ish olib borilayotganligi ma’lum qilindi, ammo bu VPN foydalanuvchilari sonini kamaytirmaydi.

Natijada, xizmatlardan foydalanish muammolari aholining texnologik savodxonligini oshirishga olib keldi, shuningdek, dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq va videoxostingga kirishga imkon yaratildi.

Yil va’dasi — elektron hamyonlar va Visa va MasterCard bilan integratsiya

Yil boshida O’zbekistonning elektron tijorat dunyosiga qo’shilishi umidi paydo bo’ldi. Elektron hamyonlar, Visa va MasterCard bilan integratsiya bo’yicha topshiriqlar berildi, aniq muddatlar belgilandi, ammo keyinchalik hammasi keyinga qoldirila boshlandi va buning natijasida dunyoga oyna 2019 yilda ochiladi.

UzCard’dagi texnik nosozlik (yilning yana bir rezonansi) hukumatning e’tibor qaratishiga olib keldi, biroq muammoni hal qilishni yana bir shunday mahsulotni yaratish yo’li bilan hal qilmoqchilar.

Milliy to’lov tizimi milliy ijtimoiy tarmoq kabi foydasiz emas, faqatgina raqobat bo’lsa. Aks holda, bu faqat bir mamlakatda konservatsiyalanib qolishga va shuning tufayli turg’unlikka olib keladi.

Rossiyada “MIR” bor, biroq Visa va MasterCard ham mavjud. Xitoyda esa UnionPay, va ularning kartalarini deyarli butun dunyo qabul qiladi. Agar yaratilayotgan “Humo"ni faqatgina mamlakat ichida ishlatish mumkin bo’lsa, undan foyda noldan biroz ko’proq bo’ladi.

Bundan tashqari, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” yilida O’zbekiston Markaziy Osiyodagi PayPal mavjud bo’lmagan yagona davlat bo’lib qoldi.

Bu yil elektron tijoratni rivojlantirish, internet orqali eksportga imtiyozlar berish uchun juda ko’p ishlar amalga oshirildi, ammo bu eksport uchun pulni qanday qilib olishni o’ylashmadi.

Yil tadqiqotlari — erkin iqtisodiy zonalar haqida

Ko‘pchilik shubha qilganidek, bu yil erkin iqtisodiy zonalar modeli hozir qaror topgan shaklda ishlamasligi ma’lum bo‘ldi. Aksariyat investorlar o‘z mablag‘larini kiritganlaridan ochiqdan ochiq afsus chekdilar.

Boshqaruvning murakkab tizimi shunga olib keldiki, EIZ ishi uchun barcha javobgar, bu esa unga mas’ul yo‘q demakdir. Yutuqlar haqida raport berish odati zona muhandislik-kolmmunikatsiya infratuzilmasini o‘tkazmasdan ochilishiga sabab bo‘ldi. Pul kiritgan ko‘p korxonalar gaz, elektr, suvdan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

5 mln $dan ortiq qiymatdagi investitsiya loyihalarini kelishish ishlari vazirlik va idoralar darajasida cho‘zilib yotibdi. Katta mablag‘ kiritishga tayyor investorlar uchun tezkor shart-sharoitlar yaratish o‘rniga aksincha ko‘p bosqichli murakkab kelishuvlar mavjudligi jarayonni sustlashtiradi.

Muammoni hal etish uchun, avvalo, uni tan olish lozim. Birinchi qadam qo‘yildi — EIZ aslida juda yaxshi g‘oya, biroq uni ishlash, takomillashtirish va almashtirish darkor, negaki, ko‘ngli to‘lgan investor o‘z ortidan o‘nlab yangi investorlarni ergashtirib kelsa, xafsalasi pir bo‘lgani boshqa investorlarni mamlakatdan uzoqlashtiradi.

Endi o‘zgarishlar boshlandi va EIZlar haqiqatdan ishlaydigan instrumentga aylanishi imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Yil tadbiri — SeedStarsTashkent

Bu yil ko‘plab diqqatga sazovor tadbirlar bo‘ldi, biroq, biz mamlakat ekotizimi startapi tiklanishiga turtki bo‘lgani uchun SeedStarsTashkentni tanladik.

Avvalgi yillarda O‘zbekistonda startaplar oz bo‘lsa-da, uchrab turardi. Ular qovushimsiz, yaxshi ishlanmagan, muvaffaqiyat keltirgan xorijiy , xatto mahalliy loyihalardan nusha olingan bo‘lsa-da (masalan, har yili Torg.uz kloni paydo bo‘lardi), har qalay bor edi. Keyin esa yo‘q bo‘lib ketdi.

O‘zbekiston startaplarga juda muhtoj. Bizga hayotni yaxshi va qulayroq qiladigan yangi servislar zarur, qo‘l qovushtirib kutib o‘tirmaydigan, balki, o‘zlari amaliy mahsulotlar yaratadigan yosh tadbirkorlar kerak. SeedStars hech nimaga qaramay, startaplarni ishga tushirish kerakligini ko‘rsatishga yordam berdi. SeedStars tufayli O‘zbekistonning loyihalari Shveysariyaga safar qilish uchun kurashish, o‘z mahsuloti haqida ma’lumot berish, ustozlik yordami, maslahat va tavsiyalarini olish, “garajdan sahnaga chiqish” imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Biroq, SeedStars olib kelgan eng asosiy narsa — bu ilhom bo‘ldi, har qanday muvaffaqiyatli mahsulot ayni shundan boshlanadi. Facebook va Google ham shunday tashkil topgan — hech kim ularga hech qanday imtiyoz, kredit yoki texnoparklar taqdim etmagan. Ular garajlar va yotoqxonalarda faqat ishtiyoq va, albatta, ilhom bilan yaratilgan.

Yil bitimi — Ucell

Qariyb besh yil davom etgan mojaro, nihoyat, hayrli yakun topdi. Hamma niyatiga yetdi — Telia jo‘n bo‘lmagan aktivlari uchun haridor topdi va undan mo‘may daromad oldi, davlat yana bir mobil operatorini o‘z ixtiyoriga oldi, Ucellning mijozlari ham “ko‘chada qolmadi”.

Telia o‘zining bir necha milliardlik zararlarini baholadi, biroq Markaziy Osiyodan chiqib ketish bo‘yicha ko‘p yillik dasturini yakunlashga muvaffaq bo‘ldi — O‘zbekistondan keyin Qozog‘istondagi ulushini ham sotdi. Aytmoqchi, u yerda ham haridor davlat — mahalliy “O‘zbektelekom"ga o‘xshash tuzilma bo‘ldi.

O‘zbekistonning talofotiga kelganda, xali ular hisoblab chiqilganicha yo‘q. Birinchi navbatda so‘z investitsiya imidji haqida boradi, ayni u Teliaga hususiy xaridor topishga xalaqit berdi. Buni Davlat raqobat qo‘mitasi hozircha operatorni xususiylashtirish bo‘yicha buyurtma olmagani dalili ham qisman tasdiqlaydi, bu esa istiqbolda shunday imkoniyat bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Yil startapi — Express 24

Yil startapini tanlash qiyin bo‘ldi, negaki, tanlaydigan narsaning o‘zi yo‘q edi. Ohir-oqibat biz ko‘pdan beri mavjud bo‘lsa-da, bu yil rebrending o‘tkazgan va MyTaxidan mustaqil servis sifatida ajralib chiqqan mahsulotda to‘xtaldik.

Express 24 faol reklama va marketing kampaniyasini boshladi, esda qolarli brend sifatida o‘zini namoyon qildi va uni 10 ming martadan ko‘proq yuklab olishdi. O‘zbekiston bozori uchun bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Bundan tashqari, Express 24 SeedStarsTashkent g‘olibi bo‘ldi va Shveysariyada O‘zbekiston nomidan qatnashdi.

Xulosa

Spot fikricha, 2018 yil ana shunday kechdi. U chin ma’noda Faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, innovatsiya va texnologiyalar yili bo‘ldimi? Ha.

Yagona portaldagi interfaol xizmatlar miqdori sezilarli darajada o‘sdi, mos ravishda, avvallari qanchadan qancha yo‘l yurib bajarilgan, hozir esa onlayn amalga oshirish mumkin bo‘lgan qator xizmatlar soni oshdi.

Texnologiyalar tadbiq etilgani tufayli ko‘p jarayonlar shaffoflashdi. Masalan, ilgari yer uchastkalariga egalik huquqlari, bo‘sh obyektlar yoki davlat ulushlari qanday sotilganini juda kam odam biladi. Hozir bularning barchasi ochiq — puli va xohishi bor har qanday odam o‘ziga yoqqan aktivni ikki klikda bemalol sotib olishi mumkin.

Ayni shu yili O‘zbekiston kriptoaktivlarni rivojlantirish va blokcheynni joriy etishga rasman kirishgan dunyodagi oz sonli davlatlardan biriga aylandi.

Soliq va bojxona sohalarida keng qamrovli islohotlar boshlandi. Bank sektorida islohotlar o‘tkazish belgilab olindi. “O‘zavtosanoat” va “O‘zbekiston havo yo‘llari"ning siyosati o‘zgardi, aviasohani, umuman, bir necha kompaniyaga bo‘lib yuborishga qaror qilindi.

Ko‘lamdor hususiylashtirish dasturiga start berildi, aktivlar hususiy kompaniyalar boshqaruviga o‘tkazildi, monopoliyalar miqdori qisqardi, biznesni ilgari yo‘li buyurtma berilgan yo‘nalishga kiritildi.

Yil tarixiy bo‘ldi, chunki voqealarning aksariyati birinchi marta yuz berdi — IPO va SPO, Google Developers Group ishlanmachilar festivali, xalqaro arbitraj, eksport ko‘rgazma-yarmarka, turizm sohasidagi investitsiya anjumani, suveren kredit reytigi olinishi, fuqarolar uchun byudjet, valyuta birjasida yevrolik savdolar, davlat mulkining onlayn sotilishi va boshqa ko‘plab voqealar buning dalilidir.

To‘g‘ri, hammasi ham ko‘zda tutilganidek bo‘lmadi, biroq me’yoriy poydevorning mavjudligi ertami-kechmi ular ko‘ngildagidek bo‘lishiga umid qilish imkonini beradi.

Asosiysi, ayni shu yilda tadbirkorlik va texnologiyalarga munosabat o‘zgara boshladi, chunki faqat urug‘-aymoqchilik va mahalliychiliksiz bozor mexanizmlari O‘zbekistonning o‘sha — zarur bo‘lgan taraqqiyot sari olib boradi.