Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan “O‘zbekiston Respublikasi xom-ashyo birjasi” AJ birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga asosan:

  • qimmatbaho metallar hajmlarini shakllantirish, birja savdolariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi;
  • maxsulotning boshlang‘ich narxini belgilash hamda birja savdolari ishtirokchilari va mahsulotni yuklab beruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar tartibi belgilandi.

Qimmatbaho metallar — quymalar, plastinalar, granulalar va kukun ko’rinishidagi oltin, kumush va platina.

Qanday qilib savdolarda ishtirok etish mumkin?

Sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo’lgan ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar — qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar birja savdolarida qimmatbaho metallarning xaridorlari hisoblanadilar.

Zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar savdolarda ishtirok etish uchun birjaga Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya taqdim etishlari kerak.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar esa savdolarda ishtirok etish uchun birjaga Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik palatasi tomonidan beriladigan ro’yxatdan o’tkazish guvohnomasini taqdim etishlari kerak.

Birja savdolari dushanbadan jumaga qadar birja savdolari elektron tizimidan foydalangan holda o’tkaziladi. Birja savdolarida sotib olingan metallarni eksportga sotish mumkin emas.